Inson huquqlari bo'yicha AQShning Rossiyaga doir hisoboti

Politsiyachilar Navalniy joylashgan qamoqxona qarshisida Shifokorlar alyansi lideri Anastasiya Vasilyevani qo'lga olmoqda

AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola

Rossiyada markazlashgan avtoritar siyosiy tizim hukmron. 2020-yilda mamlakatda inson huquqlari keng masshtabda poymol etilgan. Qonunbuzarlarning aksariyati jazolanmagan. Bu haqda AQSh Davlat departamentining inson huquqlariga doir hisobotida ma’lum qilingan.

O’tgan yil mobaynida AQSh hukumatiga Rossiya yoki uning agentlari qotillik jinoyatini amalga oshirgani yoki shunga uringani haqida ma’lumotlar kelib tushgan. Xususan, 2020-yilning avgustida muxolifatchi va korrupsiyaga qarshi kurashchi Aleksey Navalniyni “Novichok” nomi bilan tanish kuchli zahar tipidagi vosita yordamida yo’q qilishga urinilgan.

Bundan tashqari, Davlat departamentiga Rossiya hukumatining qamoqxonalarda siyosiy mahkumlarni saqlab turgani, fuqarolarni siyosiy sabablarga ko’ra ta’qib qilib, qo’lga olayotgani haqida ishonchli manbalar xabar bergan. Ayrim ma’lumotlarda ta’kidlanishicha, siyosiy mahkumlar og’ir sharoitlarda saqlanadi. Ba’zan yolg’iz kameralarga tiqiladi. Psixiatriya bo’limlariga o’tkazilib, jazo choralari qo’llaniladi.

O’tgan yilning dekabr oyi holatiga ko’ra, “Memorial” huquqni himoya qilish tashkiloti tuzgan siyosiy mahkumlar ro’yxatidan 358 nafar fuqaro o’rin olgan. Biroq, tashkilotning bildirishicha, siyosiy mahkumlarning real soni ikki-uch barobar ko’p bo’lishi mumkin.

Rossiya hukumati, shuningdek, o’z hududidan tashqarida ham zulm qo’llagan. Xususan, Qrim yarimorolida tatarlar hamda diniy va etnik ozchilik qatlamlari huquqini oyoqosti qilgan. Shuning bilan birga, qrimlik Ukraina fuqarolari siyosiy sabablarga ko’ra hibsga olingan va sudga tortilgan. Ularning aksariyatiga qiynoq qo’llangani ma’lum qilingan. Rossiya hukumati Ukraina sharqidagi separatistlar guruhini qurol-aslaha bilan ta’minlab, harbiy tayyorgarlikdan o’tkazgan, guruh faoliyatini boshqarib kelgan.

Ukrainaning Donbass hududida Rossiya quvvatloviga ega separatistlar minglab tinch aholi vakillarini o’ldirgan yoki yaralagan. Bu haqda kuzatuvchilar ishonchli manbalarga tayanib xabar bergan.

Moskva mamlakat ommaviy axborot vositalari ustidan kuchli nazorat o’rnatgan. Davlat departamentining inson huquqlari bo’yicha yillik hisobotida keltirilishicha, Rossiya televideniyesi, bosma matbuoti va internetda davlat senzurasi va shaxsiy senzura chuqur ildiz otgan. Ayniqsa, amaldagi hukumat yoki uning siyosatini tanqid qiluvchi muxolif kuchlar borasida jurnalistlar o’ta “ehtiyotkor”. Hukumatning huquq himoyachilari va tinch namoyishchilarga hujum qilganlarni tergov qilmay, sudga tortmay kelayotgani fuqarolarning uyushish va birlashish erkinligini yanada toraytirmoqda.

Rossiya hukumati “ekstremizm” tushunchasining keng talqini asosida uyushish va e’tiqod erkinligini toptashda davom etgan. 2017-yilda Rossiya Oliy sudi Iyegova shohidlari vakillarining faoliyatini jinoiy ish deb topdi. Tashkilot yuridik shaxslarining mamlakat bo’ylab har qanday faoliyatiga taqiq o’rnatdi. Ibodatlar cheklandi. Iyegova shohidlariga ergashganlar panjara ortiga tashlandi, uy qamog’ida saqlandi. “Taqiqlangan ekstremistik tashkilot” faoliyatida ishtirok etganlik uchun ta’qib ostiga olindi.

“Har qanday davlat, jumladan, Rossiya ham fundamental inson huquqlarini poymol etishga urinar ekan, biz muhaqqaq o’z so’zimizni aytamiz”, - dedi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.