AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola
Prezident Jo Bayden Xitoyni AQShning jiddiy raqibi deb atadi. Vashington Pekin pozitsiyasiga qarshi jiddiy kurashishini ma’lum qildi.
“Xitoyning iqtisodiy nayranglari va agressiv pozitsiyasiga qarshi turamiz. Inson huquqlari, intellektual mulk va global boshqaruvga tajovuzga yo’l qo’ymaymiz”, - dedi AQSh rahbari.
Baydenning ta’kidlashicha, AQSh Xitoy bilan “kuchlar pozitsiyasi” asosida munosabat o’rnatishga tatyyor.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken CNN telekanaliga bergan intervyusida “kuchlar pozitsiyasi” mustahkam ittifoqni anglatishini ta’kidladi.
“Ittifoqchilarga ehtirom – bizning ustunligimiz manbai. Global maydonda aloqalarni mustahkamlashimiz lozim. Biz buni qilmasak, o’rnimizni Xitoy egallaydi”, - dedi bosh diplomat.
Davlat kotibining izohlashicha, kuchlar pozitsiyasini ta’minlash uchun Amerika qadriyatlarini himoya qilish lozim.
“Shinjonda uyg’urlar, Gonkongda demokratiya zulm ostida ekan, qadriyatlardan kecha olmaymiz. Agressiyaga qarshi harbiy kuch bilan javob berishga tayyor ekanimizni kafolatlash, zulmga qarshi samarali kurash yo’lida fuqarolarimizni ham munosib tayyorlashimiz kerak”, - dedi Blinken.
Xitoy bosh diplomati Yan Szechi bilan telefon orqali muloqotda Blinken Gonkong, Tibet va Shinjonda inson huquqlarini ta’minlash borasida Vashington o’z talablarini o’zgartirmasligini ma’lum qilgan. Shuningdek, AQSh o’z ittifoqchilari va hamkorlari bilan birgalikda Hind-Tinch okeani mintaqasida, Tayvan bo’g’ozida yuzaga kelgan beqarorlik uchun Xitoyga qarshi chora ko’rishi tayin ekanini aytgan. AQSh davlat kotibi Pekinni boshqa davlatlar qatorida Myanmada yuz bergan harbiy to’ntarishga qarshi munosabat bildirishga chaqirgan.
“Prezident aniq va ravshan qilib ta’kidlaganidek, tashqi siyosat markazida inson huquqlari va demokratiya turadi. Bu albatta bajariladi. Xitoy yoki biror boshqa davlat tarafidan jiddiy va chuqur tahdid uyg’ongan taqdirda, ana shu talablar asosida munosabatda bo’lamiz”, - dedi davlat kotibi.