Accessibility links

Breaking News

AQSh matbuot erkinligi uchun kurashni davom ettiradi


AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola

Amerika Qo’shma Shtatlari xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda matbuot erkinligining ahamiyatini yuksak baholaydi.

“Axborot va ogohlik – qudratli instrument. Ozod va mustaqil matbuot esa jamoatchilikni zarur informatsiya bilan ta’minlaydigan muhim institut”, - deya ta’kidladi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Umumjahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan bergan bayonotida.

Shuning uchun ham AQSh dunyo bo’ylab onlayn va bosma matbuot erkinligi hamda jurnalistlar xavfsizligi uchun kurashadi.

Erkin fikr demokratik jamiyat asosida yotadi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga muvofiq, erkin fikr bildirish barcha insonlarning “har qanday yo’l bilan va davlat chegaralari bilan cheklanmagan holda axborot va g’oyalarni izlash, qabul qilish va tarqatish huquqi”ni anglatadi.

“Afsuski, ayni damda jurnalistlar huquqlarini himoya qilish istiqbollari qoniqarli darajada emas”, - deydi Blinken.

AQSh jurnalist Jamol Qoshiqchining vahshiylarcha qatl etilishi ortidan OAVga qarshi tahdidlarning oldini olishga ko’maklashish maqdsadida marhum ijodkor nomi berilgan choralarni e’lon qildi.

Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi ma’lumotlariga ko’ra, 2020-yilda o’z faoliyati qurboniga aylangan jurnalistlar soni tashkilot statistik ma’lumot taqdim etishni boshlagan davrdan buyon eng yuqori darajaga yetgan.

Jurnalistlar eng ko’p Xitoy Xalq Respublikasi, Turkiya va Misrda panjara ortiga tashlangan. Rossiyada voqea-hodisalarni erkin yoritishga qarshi cheklovlar tobora kuchaytirilmoqda. Xususan, “Ozod Yevropa / Ozodlik radiosi” faoliyatiga to’sqinlik qilinmoqda.

COVID-19 pandemiyasi repressiv hukumatlar uchun mustaqil OAVga bosimni kuchaytirishga bahona bo’ldi. Davlat kotibi Blinken “barcha hukumatlarni OAV xavfsizligini ta’minlashga, jurnalistlarning hech qanday tazyiq, tahdid va adolatsiz hibsga olinishdan cho’chimasdan o’z missiyasini bajarish imkoniyatini himoya qilishga” chaqirdi.

“AQSh hukumatlarni jurnalistlarga qarshi jinoyatlarni tergov qilib, javobgarlarga chora ko’rishga chaqiradi”, - dedi diplomat.

Raqamli texnologiyalar keng tarqalgan dunyoda matbuot va axborot erkinligini ta’minlash uchun internet ham erkin bo’lishi lozim. Blinkenning ta’kidlashicha, AQSh hukumatlar aholining axborot olish imkoniyatlarini cheklash maqsadida Internet nazorati va kontentlar senzurasini kuchaytirayotganidan xavotirda.

“Hukumatlar axborot xizmatlarini yopmasligi, bloklamasligi, cheklamasligi, ularga senzura qo’llamasligi va kontentini elakdan o’tkazmasligi lozim. Chunki bu tinch yo’l bilan birlashish, uyushmalarga erkin a’zo bo’lish huquqlarini asossiz cheklaydi. Iqtisodga salbiy ta’sir ko’rsatadi”, - deya ta’kidladi Blinken.

AQSh hukumati axborot va fikr erkinligini mustahkamlash maqsadida OAV vakillari, xususiy sektor, nodavlat tashkilotlar va hukumatlar bilan hamkorlik qilishga tayyor. Shuningdek, o’z faoliyati tufayli tahdidlar, ta’qiblar, qamoq jazosi va qiynoqlar bilan yuzlashayotgan jurnalistlarni himoya qilish ahdida qat’iy.

XS
SM
MD
LG