AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola
May oyining so’nggi dushanbasida amerikaliklar Qurolli kuchlarning xizmat chog’ida qurbon bo’lgan askar va zobitlarini xotirlaydi. Ushbu kunda ko’pchilikning farovon hayoti yo’lida jon bergan ozchilik xotirasiga ehtirom ko’rsatiladi. Vatan mudofaasi va mafkurasi uchun qoni to’kilgan harbiylarning fidokorona xizmati e’tirof etiladi.
1968-yilda, AQSh Fuqarolar urushidan uch yil o’tib, federal bayramlar qatoriga kiritilgan bayram Ikkinchi jahon urushiga qadar “Bezash kuni” deb atalgan. Bu kunda urush yillarini yod etish nazarda tutilmagan. Fuqarolar urushida halok bo’lgan askarlar qabristonini obod qilish, gullar bilan bezash an’anaga aylangan.
Ilk tadbirda qariyb 5 ming odam poytaxt Vashingtonga yaqin Arlington qabristoniga dafn etilgan 20 ming nafar Fuqarolik urushi qurbonlari qabrini bezagan. Ushbu ezgu amal mamlakat bo’ylab urfga aylangan.
Bugungi kunga kelib, Xotira kuni barcha shaharlarda harbiylar va veteranlar uyushmalari a’zolari ishtirokidagi tantanali paradlar bilan nishonlanadi. Qabristonlar va yodgorliklar ziyorat qilinadi.
Ayrimlar tadbirga qizg’aldoqlar bilan chiqadi. Bu an’ana Birinchi jahon urushi davridan urfga aylangan. 1915-yilda Fransiya zaminida halok bo’lgan safdosh do’stiga bag’ishlangan she’rda askar yigit qizg’aldoqlarning dalalar va qabrlar uzra o’sishini tasvirlagan. Ana shu she’r tufayli qizg’aldoq xotira ramziga aylangan.
Har yili Xotira kunida harbiy qahramonlar qabri va yodgorliklariga gulchambarlar qo’yiladi. Qabrlar atrofi bayroqchalar bilan bezaladi. Alvon qizg’aldoqlar yoki qizil tasmalar fuqarolar kiyimining ramziy bezagiga aylanadi.
Urush maydonida halok bo’lgan harbiylar o’zlari e’tiqod qilgan hayot yo’li va qadriyatlari uchun qon to’kkan. Mardonavor kurashlari bilan askarlar qozongan shon-shuhrat ularning xotirasi bilan birga abadiy saqlanib qoladi.