USAIDning yangi dasturidan nimalarni kutish mumkin?

USAID tashkilotining raqamli texnologiyalar bo'yicha strategiyasiga oid banner

AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola

Raqamli texnologiyalar taraqqiyoti, internet va mobil telefon foydalanuvchilarining ortib borayotgani dunyo bo’ylab sanoat, davlat boshqaruvi, iqtisod va jamiyatlarning shakllanishiga zamin yaratmoqda.

Shundan kelib chiqib, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi USAID aprel oyi o’rtalarida Raqamli texnologiyalar bo’yicha o’zining ilk strategiyasini ishlab chiqdi. Dastur agentlikning turli mamlakatlardagi taraqqiyot va gumanitar yordam sohalaridagi faoliyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Biroq zamonaviy raqamli vositalar yetib bormagan, turli to’siqlar bois ulardan foydalana olmayotgan hududlar va qatlamlar talaygina.

Dunyo aholisining deyarli yarmi – 4 milliard odam internetdan uzilgan. Ayrim mintaqalarda zamonaviy infrastrukturaning yo’qligi, raqamli xizmatlar va vositalar narxining qimmatligi asosiy muammo hisoblanadi. Shuningdek, e’tiqodi, siyosiy qarashlari va jinsi sababli to’siq ortida qolayotgan qatlamlar ham bor.

Imtihonga tayyorlanayotgan afg'on qizlari. Arxiv.

Rivojlanayotgan mamlakatlarda mobil aloqa vositalariga egalik borasida genderlar o’rtasidagi tengsizlik nisbati ortib bormoqda. Mobil kommunikatsiyalar bo’yicha global tizim GSMA tashkiloti ma’lumotlariga ko’ra, ayollar uyali aloqa vositalariga egalik borasida erkaklarga nisbatan sakkiz foiz orqada. Internetdan foydalanish bo’yicha ayollar 43 foiz orqada.

Demak, dunyo aholisining qariyb yarmi, asosan ayollar va qizlar, kundalik axborot, salomatlikka doir ma’lumot, davlat va bank xizmatlari, ob-havo yangiliklari, internet va mobil aloqa vositalaridagi maxsus kurslardan uzilib qolgan.

USAID agentligi imkoniyati cheklanganlar, iqtisodiy nochorlar va turli cheklovlar tufayli internet va mobil aloqa xizmatlaridan foydalana olmayotgan qatlamlarga yordam berishni rejalagan. Uning besh yilga mo’ljallangan yangi dasturi o’zi faoliyat yuritayotgan mamlakatlarda axborot olishning zamonaviy vositalariga egalik borasida adolatli va xavfsiz muhit yaratishga xizmat qiladi.

Bu odamlar hayotining yaxshilanishiga, iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirish va jamiyat farovonligini mustahkamlashga zamin yaratadi.