Vashington bizneslarni Xitoy bilan aloqada ogoh bo'lishga chaqirmoqda

Uyg'urlar va boshqa musulmon aholi vakillari qamalgan qayta tarbiyalash lageri. Shinjon avtonom hududi, Xitoy, 3-dekabr, 2018.

AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola

AQSh Davlat departamenti, Moliya, Tijorat va Ichki xavfsizlik vazirliklari mamlakat kompaniyalariga ularning nufuzini himoya qilish, iqtisodiy va yuridik xatarlardan saqlanishga doir ogohlantirish yo’riqnomasini yo’lladi. Unda asosiy e’tibor biznes doiralarining inson huquqlarini toptash evaziga daromad ko’rayotgan tomonlar bilan hamkorlikdan tiyilishiga qaratilgan. Xususan, Shinjon avtonom hududi va Xitoyning boshqa qismlarida fuqarolarni majburiy mehnatga tortayotgan kompaniyalar bilan aloqa o’rnatmaslikka chaqirilgan.

Xitoy Xalq Respublikasi 2017-yilning aprel oyidan boshlab ozchilik qatlami hisoblangan uyg’urlar va boshqa musulmon xalqlar vakillariga qarshi tizimli repressiya kampaniyasini kuchaytirdi. Xususan, musulmonlarni hibsga olish, ta’qib qilish va majburiy mehnatga jalb etishga zo’r berildi.

Shinjonning Qashg'ar shahrida Xitoy hukumati buzib tashlagan masjid

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning ta’kidlashicha, Pekin etnik va diniy ozchilik vakillariga beayov zarba bermoqda. Majburiy mehnatga tortish hollari Shinjon sarhadlaridan chiqib, allaqachon butun mamlakat bo’ylab yoyilgan.

AQSh hukumati mamlakat bizneslarini inson huquqlarining buzilishiga aloqador bo’lgan kompaniyalarning quyidagi uch toifasi bilan hamkorlik qilmaslikka chaqirgan:

Birinchidan, Shinjon avtonom hududida kuzatuv tizimi va uskunalarini takomillashtirishga xizmat qiladigan bizneslar bilan;

Ikkinchidan, Shinjon yoki Xitoyning boshqa nuqtalarida aholini ekspluatatsiya qilish bilan mahsulot, xomashyo yoki xizmat taklif etuvchi tomonlar bilan;

Uchinchidan, Shinjon hududida aholini hibsda saqlashga xizmat qiladigan lagerlar va ana shunday qamoqxonalar yaqinida zavod-fabbrikalar qurilishiga aloqador bo’lgan kompaniyalar bilan.

Xitoy tarkibida Shinjon xaritasi

AQShning biznes liderlariga yo’llangan maktubda Davlat kotibining Iqtisodiy taraqqiyot, energetika va atrof-muhit bo’yicha o’rinbosari Kit Krach shunday yozadi:

“Bugun bunday kompaniyalar bilan aloqalarni uzish inson huquqlarini buzish jinoyatiga sheriklikdan bosh tortishni anglatadi. Ular bilan hamkorlik esa, davlat kotibi ta’kidlaganidek, “tuzumning repressiv siyosatini yanada mustahkamlaydi”.

Krach, shuningdek, maktubda Xitoyda biznes faoliyatini olib borayotgan AQSh kompaniyalari rahbarlarini hamkorlik qilayotgan tomonlarni batafsil o’rganib chiqishga chaqirgan.

“Ishonch bilan aytamanki, AQSh biznes doiralari Xitoyning zulmkor siyosatiga xizmat qilayotgan tomonlarni inkor etadi. Chunki bu vijdonan adolatli qaror. Shuningdek, yuridik va tijoriy xatardan himoyalanish garovi”, - deb yozadi Krach.