AQSh Xitoy rasmiylariga sanksiya joriy qildi

Shinjonda "qayta tariyalash lageri". 3-may, 2019.

AQSh hukumati Xitoyning Shinjon avtonom hududida inson huquqlarini toptayotgan shaxslarni javobgarlikka tortishni ta’minlash ahdida qat’iy. Ana shu maqsadda Vashington Yevropa Ittifoqi, Britaniya va Kanada bilan hamkorlikda Xitoy Xalq Respublikasi hukumatining Shinjonda zulm qo’llayotgan vakillariga sanksiyalar joriy etganini e’lon qildi.

Pekinning uyg’urlar va boshqa musulmon millatlarga qarshi zulmi yuz minglab mahkumlarning “qayta tarbiyalash lagerlarida” ushlab turilishi, majburiy mehnatga tortish hollari, majburiy sterilizatsiya, e’tiqod erkinligini oyoqosti qilish, uyg’ur tili va madaniyatini g’orat qilishda namoyon bo’lmoqda.

“Xalqaro hamjamiyatning tobora kuchayib borayotgan e’tirozlariga qaramay, XXR genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatni amalga oshirishda davom etmoqda. Vashington Pekinni yana bir bor Islomga e’tiqod qiluvchi uyg’urlar, Shinjondagi boshqa etnik va diniy guruhlarga qarshi repressiyani bas qilishga chaqiradi. Lagerlar va izolyatorlarda noqonuniy ushlab turilganlarni ozod etishni takror so’raydi”, deyiladi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning bayonotida.

Diplomatning ta’kidlashicha, Sergey Magnitskiy nomidagi global sanksiyalar dasturi asosida “XXR ning Shinjonda amalga oshirgan og’ir jinoyati munosabati bilan” ikki rasmiyga sanksiya e’lon qilingan.

Sanksiyalar ro’yxatidan partiyaning Shinjon ishlab chiqarish va qurilish korpusi qo’mitasi kotibi Van Szyunchjen va Shinjon jamoatchilik xavfsizligi byurosi direktori Chen Mingo o’rin olgan. Sanksiya qo’llangan shaxslarning AQSh hududidagi har qanday aktivlari muzlatiladi. Ularning AQSh fuqarolari bilan aloqa o’rnatishi taqiqlanadi.

AQShning ushbu qarori shu ikki shaxs va Xitoyning boshqa qator rasmiylariga sanksiya qo’llagan Yevropa Ittifoqi, Britaniya va Kanada kabi hamkorlarning qarorlariga hamohanglikda qabul qilindi.

Ular Xitoyni repressiya amaliyotini to’xtatib, BMTning mustaqil tergovchilari, shuningdek, jurnalistlar va xorijiy diplomatlarning Shinjonga hech qanday to’siqlarsiz kirishini ta’minlashga chaqirgan.

“Biz Xitoyda inson huquqlarining poymol etilishiga doir holatlarga dunyo e’tiborini hamkorlikda jalb etishda davom etamiz. Biz yakdilmiz. Shinjonda zulmdan jabr chekayotganlar uchun adolat talab qilamiz”, deyiladi bayonotda.