AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola
Prezident Jo Bayden hamda “Katta yettilik” liderlari global masshtabda majburiy mehnat, firibgarlik tizimi tahdidlari va korrupsiyaga qarshi kurash ahdida qat’iy ekanini ma’lum qildi.
Vashington “Katta yettilik” doirasidagi hamkorlari bilan birgalikda dunyoga o’z mahsulotlarini yetkazib beradigan global tarmoqlarda qayd etilayotgan majburiy mehnatning har qanday ko’rinishlaridan jiddiy xavotirda ekanini bildirdi. Xususan, Xitoy hukumati nazoratida Shinjon hududida uyg’urlar va ozchilikni tashkil etuvchi boshqa etnik guruhlar vakillarining majburiy mehnatga tortilishi bo’yicha jiddiy e’tiroz uyg’ongan.
Aynan Shinjon avtonom hududi qishloq xo’jaligi, quyosh energiyasi va kiyim-kechak mahsulotlarini eksport qiladigan muhim makon hisoblanadi. “Katta yettilik” liderlari inson huquqlarini mustahkamlash va odamlarni majburiy mehnatdan himoya qilishning ahamiyati bo’yicha yakdil ekanini bildirdi.
Shuningdek, “Katta yettilik” mamlakatlari firibgarlik tizimlari uyg’otayotgan tahdidlarga qarshi hamkorlikda kurashishga kelishib olgan. Darhaqiqat, shu kunga qadar “Katta yettilik” va dunyoning boshqa mamlakatlarining muhim infrastrukturasi, sanoat va texnologiya korxonalari, hatto shifoxonalar ham kiber xurujlardan jiddiy zarar ko’rib kelmoqda.
Transmilliy kiber jinoyatchilar guruhlari infrastruktura, virtual valyuta va firibgarlik tizimlarida dunyo bo’ylab yirik operatsiyalarni amalga oshirmoqda. Davlat va xususiy sektor muhim infrastrukturalarning kiber tahdidlarga qarshi himoyasini ta’minlash yo’lida hamjihatlikda ishlashi lozimligi qayd etildi.
Tomonlarning ta’kidlashicha, kiber hujumlar ortidagi guruhlar qonun asosida tergov qilinishi va sudga tortilishi lozim. Shuningdek, kollektiv kiber himoya tizimini joriy etish maqsadga muvofiq. Ayrim mamlakatlar o’z hududlaridan turib amalga oshirilayotgan jinoyatchilik faoliyatiga qarshi choralar ko’rishi kerak.
“Katta yettilik” liderlari, shuningdek, korrupsiyaga qarshi hamkorlikda kurashishga kelishib oldi.
AQSh rahbari korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishni mamlakatning asosiy milliy manfaatlaridan biri sifatida e’lon qildi. Mazkur yo’nalishdagi faoliyatni jonlantirish maqsadida maxsus memorandum e’lon qilindi.
Prezident Baydenning ta’kidlashicha, korrupsiya ijtimoiy ishonchni so’ndiradi, jamoatchilik resurslarini yemiradi, demokratik jamiyat asoslarini zaiflashtiradi. Bundan tashqari, korrupsiya mamlakat iqtisodiga jiddiy zarba beradi. Mohiyatan fuqarolarga nisbatan adolatsizlikning o’zagiga aylanadi.
AQSh “Katta yettilik” doirasidagi hamkorlari bilan jinoiy maqsadlar yo’lida ko’zbo’yamachilik uchun tuzilgan kompaniyalardan foydalanishni cheklash, ko’chmas mulk sotib olish yo’li bilan pul yuvishni to’xtatish, korrupsiyaga qarshi kurash doirasida axborot almashinuvini yo’lga qo’yish va xorijiy mamlaktlarga yordam ko’rsatishni isloh qilish bo’yicha birgalikda harakat qiladi. Vashington korrupsiyaga qarshi kollektiv choralar ko’rishga doir ahdlashuv borasida “Katta yettilik” pozitsiyasini olqishlaydi.
“Amerika o’zining asosiy qadriyatlarini e’zozlaydigan mamlakatlar bilan birgalikda dunyoga o’rnak bo’ladigan liderlik maqomini qayta tikladi”, - deydi Bayden.