Iyun oyining boshlarida BMT Bosh Assambleyasining korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishga bag’ishlangan maxsus sessiyasi bo’lib o’tdi.
Korrupsiya ishonchni toptaydi, taraqqiyot yo’lini to’sadi, demokratik institutlar nufuzini oyoqosti qiladi hamda transmilliy jinoiy faoliyatga zamin yaratadi. Iqtisodiy o’sish va raqobatga imkon bermaydi. Bizneslarga qo’shimcha xarajat yuklaydi.
BMT ma’lumotlariga ko’ra, korrupsiya global miqyosda yalpi ichki mahsulotning besh foizini “yutib yuboradi”. U dunyo bo’ylab yoyilgan universal muammodir.
Korrupsiya xususiy sektorda ham, davlat sektorida ham, qashshoq va boy mamlakatlarda ham mavjud. Oxir-oqibatda, bundan aziyat chekadigan tomon xalqdir.
Korrupsiya tufayli narx-navo qimmatlashadi, davlat sektorida resurslar hajmi qisqaradi, mehnat faoliyatida ekspluatatsiya kuchayadi, atrof-muhit ifloslanishi oshadi, suv va elektr quvvati taqchilligi yuzaga keladi, jismoniy tazyiqlar ortadi, xavfli dori-darmonlar ko’payadi, o’rmon kesilishi kengayadi, foydali qazilmalarni noqonuniy o’zlashtirishga zamin yaratiladi. Korrupsiya nomutanosib ravishda qashshoq qatlam, kam ta’minlangan oilalar va ayollar hayotini og’irlashtiradi.
BMT ning iyun oyida o’tgan korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishga bag’ishlangan maxsus sessiyasida bu jinoyatning oldini olish, uni aniqlash, tergov va javobgarlikka tortish bo’yicha samarali choralarni amalga tatbiq qilish, unga qarshi xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga doir masalalar muhokama qilindi.
BMT Bosh Assambleyasining 2018-yilning dekabrida kuchga kirgan 73/191 sonli rezolyutsiyasi asosida tashkilotga a’zo mamlakatlar 2-iyun kuni Siyosiy deklaratsiya va yo’l xaritasini ratifikatsiya qildi. “Korrupsiyaga qarshi samarali kurashish, undan himoyalanish va barataraf qilish choralarini amalga tatdib qilish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga doir umumiy ahdlashuv” nomini olgan mazkur hujjat BMTning 2003-yilda qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga asoslangan holda tuzilgan. Ushbu konvensiya global masshtabda korrupsiyaga qarshi xalqaro kurashni tartibga soluvchi yagona bitim sanaladi.
“Bugun dunyo hamjamiyati korrupsiyaning oldini olish va bartaraf etishga doir mushtarak harakatlarimizga e’tibor qaratmoqda. AQSh korrupsiyaga qarshi xalqaro tizimni himoya qilish, dastaklash va jonlantirishni o’ta muhim deb hisoblaydi. Korrupsiyaga qarshi kurash avvalo har bir mamlakat o’z zimmasiga olgan joriy majburiyatlarni, xususan, deyarli global miqysoda imzolangan BMT konvensiyasida qayd etilgan talablarni bajarishdan boshlanadi”, - dedi AQShning BMTdagi maxsus elchisi Linda Tomas-Grinfild.
“Ayni damda har birimizdan ushbu ahdlashuvni reallashtirish va namunali amaliyotga aylantirish talab etiladi. Ushbu Siyosiy deklaratsiya mavjud aksilkorrupsiya tizimiga tayanadi va uning mustahkam tamoyillarini aks ettiradi. Hujjat konvensiyadan kelib chiqadigan majburiyatlarimizni samarali ado etishdagi kuchli va kuchsiz jihatlarimizni anglashga undaydi”, - dedi elchi.