Jo Bayden va Kamala Xarris ma’muriyati dekabr oyi boshida AQSh tarixida ilk bor Korrupsiyaga qarshi kurash strategiyasini e’lon qildi. Shu bilan, global muammoga aylangan ushbu illatga qarshi kurash AQSh hukumatining ham ichki, ham tashqi siyosatida ustuvor vazifa bo’lishi tasdiqlandi.
“Taxminiy hisob-kitoblarga ko’ra, korrupsiya qiymati dunyo yalpi ichki mahsulotining besh foiz ulushiga teng. U taraqqiyot yo’lida to’siq bo’ladi, investitsiyalarga imkon bermaydi, notenglikni kuchaytiradi. Achinarlisi, fuqarolarning hukumatga ishonchini sindiradi”, - deya ta’kidladi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken oktabr oyida Ekvadorda so’zlar ekan.
“Agar so’nggi yillarda dunyo bo’ylab qayd etilgan aksariyat ommaviy isyonlar tahlil qilinsa, Ukrainada Maydon, Misrda Tahrir, Ruminiyadan Tunisgacha, Sudandan Gvatemalagacha, barida korrupsiyaga qarshi g’azab mujassam”, - dedi diplomat.
“Korrupsiya insonlarning kundalik hayotidagi barcha sohalarga ta’sir ko’rsatadi. Maktablar, shifoxonalar, insonlar hayotini yaxshilashga sarflanishi mumkin bo’lgan davlat resurslarini yemiradi”, - dedi Blinken.
Davlat miqyosida Korrupsiyaga qarshi kurash strategiyasi Amerika moliyaviy tizimining zaif tomonlarini korrupsiyaga daxldor subyektlardan himoyalashga xizmat qiladi. Global masshtabda strategiya AQShning xalqaro yordam, ko’p tomonlama diplomatiya, xavfsizlik bo’yicha hamkorlik va ikki tomonlama munosabatlarga korrupsiyaga qarshi choralarni kiritishini nazarda tutadi.
Korrupsiyaga qarshi kurash strategiyasi besh asosiy tamoyilga tayanadi. Dastavval, AQSh hukumatning korrupsiyaga qarshi kurashga doir harakatlarini modernizatsiya qilishi va muvofiqlikni takomillashtirishi nazarda tutilgan. Buning uchun qo’shimcha resurslar ajratiladi.
Ikkinchidan, AQSh qonunchilik tizimidagi bo’shliqlar tugatiladi. Xalqaro hamkorlar bilan shunday choralarni ko’rish bo’yicha ishlanadi.
Uchinchidan, AQSh noqonuniy moliyalashni qisqartirish hamda korrupsiyaga daxldor shaxslarni javobgarlikka tortish ustida ish olib boradi.
To’rtinchidan, ko’p tomonlama korrupsiyaga qarshi kurash strukturasini muhofaza qilish va mustahkamlash choralari ko’riladi.
Beshinchidan, Korrupsiyaga qarshi kurash strategiyasi xorijiy hamkorlar bilan diplomatik muloqotni ishga solish, mazkur illatga qarshi kurashga ustuvor vazifa sifatida qarashni kuchaytirishga qaratilgan. Bu boshqa mamlakatlarga shaffoflik va hisobdorlikni kuchaytirish, korrupsiyaga qarshi kurashni mustahkamlashga doir islohotlarni amalga oshirish uchun yordam berishni o’z ichiga oladi.
“Korrupsiya AQSh milliy xavfsizligiga tahdid soladi, iqtisodiy tenglikka, global taraqqiyotga, qashshoqlikka qarshi kurashga, shuningdek, demokratiyaning o’ziga to’siq bo’ladi. Biroq korrupsiyaga barham berish, shaffof va hisobdor boshqaruvni ustun qo’yish bilan AQSh va boshqa demokratik davlatlar uchun hal qiluvchi ustuvorlikni ta’minlagan bo’lamiz”, - dedi Prezident Bayden.