O’smir qizlar ta’limini taqiqlagan Tolibon qoralanmoqda

AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola

Tolibonning oltinchi sinfdan yuqori sinf qizlarining ta’lim olishini taqiqlagani guruhning bergan va’dalaridan kechayotganidan dalolat. So’nggi daqiqalarda berilgan qaror 23-mart kuni mamlakat bo’ylab yangi umidlar bilan maktablarga qaytgan minglab qizlarning ko’nglini chilparchin qildi.

“Ta’lim olish insonning daxlsiz huquqidir. Tolibonning afg’on xalqiga barcha o’quvchilar maktabga qaytarilishiga doir bergan va’dasini bajarmaslik uchun ko’rsatayotgan da’volarini AQSh hukumati tan olmaydi. Biz Afg’oniston qizlari, mamlakat jamiyati hamda iqtisodining to’liq salohiyatini ishga solish uchun ta’limni yagona yo’l deb bilgan ularning oilalari bilan birgamiz”, - deya ta’kidladi AQSh davlat kotibi Entoni Blinken.

AQShning Afg’onistonda ayollar, qizlar va inson huquqlari bo’yicha maxsus elchisi Rina Amiriyning ta’kidlashicha, Tolibon joriy etgan taqiq “afg’on oilalariga xiyonatdir”. Diplomatning bildirishicha, qizlarni o’qitmaslik afg’on xalqining xohish-irodasi bilan bog’liq emas. Zotan, afg’on xalqi orasida o’tkazilgan so’rovlar jamiyat qizlar ta’limini to’liq qo’llab-quvvatlashini ko’rsatgan.

Tolibon hokimiyatni egallagan 2021-yilning avgust oyidan buyon mamlakatda ayollar tahqirlanmoqda, kiyinish, kun tartibi, ko’chaga chiqish va sayohat qilishga doir qator cheklovlar o’rnatilgan. Televideniyeda ayollarga aloqador muammolarni ko’tarish taqiqlangan. O’nlab ayollar huquqlari himoyachilari hibsga olingan yoki bedarak yo’qolgan.

Tolibonning qizlarga o’rta ta’limni taqiqlagani xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin e’tirozlarga sabab bo’ldi. Islom Hamkorlik tashkiloti kotibiyati guruhning kutilmagan qarorini tanqid qildi. “Afg’on xalqi, o’gil va qizlari o’zlarining fundamental huquqlari, xususan, ta’lim olish huquqi to’liq hurmat qilinishini ko’rishni istaydi”, deyiladi tashkilot bayonotida.

Kanada, Fransiya, Italiya, Norvegiya, Britaniya, AQSh va Yevropa Ittifoqining oliy vakili 24-mart sanasida imzolagan qo’shma bayonotda Tolibonning o’z va’dasidan kechganini qoraladi.

“Biz Tolibonni zudlik bilan bu qarordan voz kechishga chaqiramiz. Ushbu taqiq oqibatlari afg‘on qizlari bilan cheklanib qolmaydi. Qaror o’zgarmasa, Afgʻonistonning ijtimoiy hamjihatligi va iqtisodiy oʻsish istiqbollariga, jahon hamjamiyatining hurmatli aʼzosi boʻlishga intilishiga va xorijdagi afgʻonlarning vatanga qaytishiga bo’lgan umid so’nadi. Bu Tolibonning mamlakat ichida va xalqaro sahnada siyosiy quvvatlov va legitimlikka erishish istiqbollariga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Har bir afg'on fuqarosi, o'g'il yoki qiz, erkak yoki ayol mamlakatning barcha viloyatlarida barcha darajada ta'lim olish huquqiga ega va o’zaro tengdir", deyiladi bayonotda.