AQSh Eron bilan muzokaralarni davom ettiradi

AQSh va Eron bayroqlari

AQSh razvedkasi yaqinda taqdim etgan Tahdidlarga doir yillik hisobotda qayd etilishicha, “Eron tobora kengroq masshtabda zulm qo’llayotgan mintaqaviy tahdid makoni bo’lib qolmoqda”.

Hujjatda bildirilishicha, AQSh fuqarolari, hamkorlari va manfaatlariga Eron rejimi dastaklayotgan terrorchi guruhlar va adolatsiz Suriya rejimidan jiddiy tahdidlar uyg’ongan. Shuningdek, Eronning tobora keskinlashib borayotgan kiber hujumlarga e’tibor qaratayotgani vaziyatni yanada taranglashtirmoqda.

Qolaversa, Eron ballistik raketa dasturlari ustida ishlashni davom ettirib, Yadroviy bitim limitlaridan tashqarida ayrim faoliyat turlarini qayta tiklashga erishgan.

AQSh 2018-yilda mamlakatning avvalgi rahbari Donald Tramp tashabbusi bilan “Keng qamrovli harakatlar qo’shma rejasi” nomli Eron yadroviy bitimidan chiqib ketgan edi.

Vashington o’tgan yil mobaynida Tehron bilan bilvosita muzokaralar orqali Yadroviy bitimga birgalikda qaytish va ko’rsatilgan talablarga to’liq amal qilishni tashkil etishga erishish uchun intildi.

“Eron tomonidan bo’ladigan har qanday tahdid, u xorijdagi qurolli guruhlarni dastaklash, terrorchilarni qo’llab-quvvatlash yoki ballistik raketalar dasturini rivojlantirish bo’ladimi, agar Eron yadroviy qurolga ega bo’lsa, bularning bariga qarshi turish har qachongidan qiyin bo’ladi. Shuning uchun ham, biz dastavval Eronning yadroviy dasturini to’xtatib, muammolarni bartaraf etishni istaymiz”, - deydi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Ned Prays.

Yadroviy bitimga doir kelishuvlarda sezilarli siljish qayd etilgan. Biroq o’z yechimini topmagan masalalar tufayli muzokaralar so’nggi haftalarda boshi berk ko’chaga kirib qolgan. Praysning ta’kidlashicha, AQSh Yadroviy bitimga to’liq qaytishga hozirlik ko’rmoqda.

“Biz, shuningdek, Yadroviy bitim tashqarisidagi muammolarning keng qamrovli diplomatik yechimi uchun ham ochiqmiz. Agar Eron bu muzokaralardan boshqa ikki tomonlama masalalarni hal etish uchun foydalanishni istamasa, ishonch bilan ayta olamizki, Yadroviy bitim bo’yicha zudlik bilan murosaga erishib, kelishuvni qayta kuchga kiritishimiz mumkin. Tanlov Eronning o’z qo’lida”, - dedi Davlat departamenti matbuot kotibi.

“AQSh Yadroviy bitimga birgalikda qaytish va qaytmaslik variantlariga birday tayyor. Albatta, biz uchun birinchisi afzal: Bitimga amal qilish, Eron yadroviy dasturi ustidan doimiy va tekshirib boriladigan nazorat o’rnatish. Bunga erishamizmi, yo’qmi, barchasi Eron izmiga bog’liq”, - deydi Prays.