AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola
BMT ning Shinjondagi inson huquqlariga doir uzoq kutilgan hisoboti taqdim etildi. Unda “Shinjonda inson huquqlarining toptalishi va zulm tafsilotlari bayon qilingan”, deydi AQSh davlat kotibi Entoni Blinken.
BMT ning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissariyati muallifligida tayyorlangan hisobotda “uyg‘urlar va asosan musulmon guruhlari a’zolarining o‘zboshimchalik va kamsitishlar bilan hibsga olinishi ko‘lami xalqaro jinoyatlar, xususan, insoniyatga qarshi jinoyat deb topilishi mumkin”. Dalillar Shinjonda “inson huquqlarining jiddiy buzulishi” yuz berganini ko’rsatadi.
Hisobot BMT ekspertlar qo’mitasi Xitoy Xalq Respublikasida 1 milliondan ziyod uyg’ur va ozchilikni tashkil etuvchi boshqa musulmon xalqlar vakillarining “qayta tarbiyalash lagerlari”ga qamalganiga doir ishonchli dalillarga e’tibor qaratganidan to’rt yil o’tib taqdim etilmoqda. Pekin o’z siyosatini terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash strategiyasi sifatida oqlab keladi.
Davlat kotibi Blinken hisobotni olqishlab, unda “Xitoy Xalq Respublikasi hukumati tomonidan uyg‘urlar hamda boshqa etnik va diniy ozchilik guruhlari vakillariga nisbatan qo’llanayotgan zulm va bosim haqqoniy aks etgan”iga urg’u berdi.
Hisobotga ko'ra, bu huquqbuzarliklar "diniy o'ziga xoslik va e’tiqod erkinligi, shuningdek, shaxsiy hayot va harakatlanish huquqlarini asossiz cheklash hollarini o'z ichiga oladi. Unda oilani majburiy rejalashtirish va tug‘ilishni nazorat qilish siyosati asosida reproduktiv huquqlar buzulishining jiddiy belgilari mavjud”. Guvohlar, shuningdek, jinsiy zo'ravonlikning turli shakllari, jumladan, zo'rlash va jinsiy tahqirlashning turli shakllari, omma oldida majburiy yechintirish choralari haqida xabar bergan.
Davlat kotibi Blinkenning ta’kidlashicha, ushbu hisobot AQSh hukumatining Xitoy Xalq Respublikasi Shinjonda uyg’urlar va ozchilikni tashkil etuvchi boshqa musulmon aholiga qarshi qo’llayotgan genotsid va insoniyatga qarshi jinoyati borasidagi xavotirlarini “chuqurlashtiradi va tasdiqlaydi”.
AQShning BMT dagi elchisi Linda Tomas-Grinfild “Inson huquqlari kengashi a’zolariga zudlik bilan hisobot tafsilotlarini rasman muhokama qilish imkoniyatinini berishga va zulm ortida turganlarning javobgarlikka tortilishiga zamin yaratishga chaqirdi”.
Blinken ham adolatga hamda qurbonlar uchun javobgarlikka erishish uchun kurashishga so’z berdi. “Biz Xitoy hukumatini javobgarlikka tortish tashabbusini davom ettiramiz. Asossiz qamalganlarni ozod etishni talab qilamiz. Bedarak yo’qolganlar borasida javob berishga chaqiramiz. Mustaqil tergov guruhiga Shinjon, Tibet va butun Xitoy bo’ylab to’liq va to’siqlarsiz sharoit yaratishni talab etamiz”, - dedi diplomat.