AQShning 2022-yildagi diplomatik yutuqlari

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken

AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola

Yil yakunlari boʻyicha oʻtkazilgan matbuot anjumanida AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 2022-yilda erishilgan diplomatik muvaffaqiyatning eng muhim toʻrtta yoʻnalishini sanab o’tdi.

Birinchidan, uning ta'kidlashicha, Qo'shma Shtatlar "Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi strategik muvaffaqiyatsizlikka uchrashini ta'minlash uchun dunyoni birlashtirdi".

“24-fevraldan beri biz o‘nlab ittifoqchilar va hamkorlarni birlashtirib, o‘z mamlakatining demokratiyasi, suvereniteti va mustaqilligi uchun kurashayotgan Ukraina xalqiga xavfsizlikni saqlashga ko’mak berdik, iqtisodiy va gumanitar yordam ko‘rsatdik. Bizning kollektiv yordamimiz, shu jumladan, AQShning navbatdagi qo'shimcha 1,85 milliard dollarlik harbiy yordami Ukraina jangchilarining qarshi hujumga o'tishi, o'z xalqini ozod qilishi va ko'proq hududlarni qaytarib olishi uchun zamin yaratdi”, - deya ta’kidladi Blinken.

Ikkinchidan, “biz Xitoy Xalq Respublikasi bo’yicha ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz bilan strategik yaqinlashuvni tezlashtirdik”, - dedi diplomat.

“May oyida men XXR tomonidan solinayotgan tahdidga qarshi strategiyani belgiladim. Bular - o'z davalatimiz qudrati asoslariga sarmoya kiritish; sheriklarimiz va ittifoqchilarimiz bilan strategik muvofiqlikka erishish; o'z manfaatlarimizni himoya qilish va kelajakdagi rejalarimizni amalga oshira olishimiz uchun Xitoy bilan raqobatlashishdan iborat.

Bundan tashqari, Qo'shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Tayvan bo'g'ozi bo'ylab tinchlik va barqarorlikni saqlash ahdida sodiq qoladi. XXR ning Shinjon va Tibetda inson huquqlarini poymol etib kelayotganiga, Gonkongda so’z erkinligi va matbuotga zulm qilayotganiga qarshi norozilik bildirish hamda birgalikda chora qo’llashda davom etadi.

Uchinchidan, Qo'shma Shtatlar oziq-ovqat xavfsizligi, sog'liqni saqlash, energiya va iqlim hamda inklyuziv iqtisodiy o'sish masalalari bo'yicha yechimlarni taqdim etish uchun koalitsiyalarni safarbar qildi.

To’rtinchidan, "biz Amerika diplomatiyasining qudratidan foydalanib, tinchlikni mustahkamlash, mojarolarning oldini olish va yumshatishga erishdik", - dedi AQSh bosh diplomati.

“Isroil, Marokash, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari va Misrdagi hamkasblarim bilan birgalikda Yaqin Sharqda integratsiya va vaziyatning normallashuviga erishish maqsadida Negevdagi tarixiy sammitda ishtirok etdim. Biz Isroil va Livan o'rtasida uzoq vaqtdan beri davom etayotgan dengiz chegarasi bo'yicha kelishmovchilik hal etilgan bitim imzolanishiga vositachilik qildik. Efiopiya va Tigray kuchlari o'rtasidagi jangovar harakatlarni to'xtatishga olib kelgan Afrika boshchiligidagi muzokaralarni qo'llab-quvvatladik. Fuqarolik demokratiyasi yo'liga qaytish bo'yicha tayanch kelishuvga erishishda Sudanga yordam berdik. Yaman mojarosida sulhni ta'minlashga va keyinchalik uni uzaytirishga erishdik”, - dedi Blinken.

2023-yilni boshlar ekanmiz, Qo'shma Shtatlar va uning hamkorlari erkin, ochiq, xavfsiz va farovon dunyo qurish uchun birgalikda ishlashda davom etadi, deya ta’kidladi davlat kotibi.