AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola:
AQSh hukumati odam savdosiga qarshi global miqyosda muntazam kurashib keladi. Buning yorqin ifodasi sifatida Davlat departamenti 25-iyun kuni mazkur muammoga doir o’zining 20-an’anaviy hisobotini taqdim etdi.
Marosimda nutq so’zlar ekan, Davlat kotibi Mayk Pompeo majburiy mehnat va jinsiy zo’ravonlikka asoslangan odam savdosi dunyo bo’ylab hanuz davom etayotganiga urg’u berdi:
“Ayni damda jahonda 25 million odam majburiy mehnat va jinsiy qullik girdobida. Ularning ichida bolalar ham bor. Odam savdosi yaratganning insonga in’om etgan daxlsiz sha’ni va qiymatiga qarshi qaratilgan yovuz jinoyatdir”.
Odam savdosi bo’yicha 2019-yilgi hisobotda eng og’ir jinoyatlarga zamin yaratgan 15 hukumat qayd etilgan. Prezident Donald Tramp o’tgan yili ana shu mamlakatlarga AQShning ayrim yordam turlarini to’xtatib qo’ygan edi. Joriy yilning yanvar oyida Oq uy rahbari AQSh odam savdosiga qarshi kurash uchun yarim milliard dollarga yaqin mablag’ ajratganini ma’lum qildi.
Davlat kotibi joriy yil hisobotida qayd etilgan ijobiy holatlarga ham to’xtaldi:
“22 mamlakatda ahvol yaxshilangan. Ularning 13 tasi tropik Afrika davlatlaridir”.
Hisobotda odamlarning majburiy mehnatidan foydalanayotgan bir qator hukumatlar bunday holatlarga chek qo’yishga chaqirilgan. Ular orasida “Bir kamar, bir yo’l” tashabbusi doirasida fuqarolarni og’ir sahroitlarda majburiy mehnatga tortayotgan Xitoy hukumati ham bor. Pekin, shuningdek, uyg’urlar va boshqa musulmon xalqlar vakillarini Shinjon va uning tashqarisidagi hududlarda majburiy mehnatga jalb etgan.
Kubada Fidel Kastro tuzumining yirik daromad manbai tibbiyot missiyalaridir. Kubaning qariyb 50 ming nafar tibbiyot xodimlari dunyoning 60 mamlakatida xizmat qilmoqda. Qochishga muvaffaq bo’lgan kubalik shifokorlar ana shu dasturlarda ishlashga majbur etilganini oshkor qilgan. Tibbiyot xodimlarining pasportlari olib qo’yilgani, yashirin shartnomalar tuzilgani, mehnat uchun haq shifokor va hamshiralarga emas, Kuba hukumatiga to’lanayotganiga qaramay, ko’plab davlatlarda dastur faoliyati davom etmoqda.
“AQSh hukumatlar boshchiligida odam savdosini yo’lga qo’ygan mamlakatlarni keskin qoralaydi. Bu har qanday hukumatning asl missiyasiga zid holatdir. Hukumatlar huquqni toptashi emas, aksincha, himoya qilishi kerak. Vashington odam savdosini o’z siyosatiga aylantirib, fuqarolarini ekspluatatsiya qilayotgan mamlakatlarni yoqlamaydi”, - deydi Pompeo.