AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola
Belarusni 1994-yildan beri boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko joriy yilning 9-avgust kunida o’tgan prezidentlik saylovida navbatdagi yirik g’alabasini nishonladi. Uning 80 foiz ovoz to’plagani yuz minglab Belarus fuqarolarida shubha va g’azab uyg’otdi. Saylovning adolatsiz o’tganidan norozi aholi namoyishlarga chiqdi. Biroq hukumat kuchlari fuqarolarni beayov kaltakladi. Namoyishchilar, jurnalistlar va muxolifat vakillari hibsga olindi.
Saylov ortidan muxolifatning ikki lideri mamlakatni tark etdi. Prezidentlikka muxolif nomzod bo’lgan Svetlana Tixanovskaya Belarusdan chiqib ketdi. Tixanovskayaning turmush o’rtog’i, siyosiy blogger Sergey avvalroq hibsga olinib, prezidentlik poygasidan chiqarilgan edi.
Namoyishlar Belarusning turli shaharlarida davom etmoqda. 16-avgust kuni Minskda o’tgan norozilik namoyishida 100 mingdan ziyod fuqaro ishtirok etdi. Bu qadar yirik namoyish Belarusda avval qayd etilmagan. Hibsdagi turmush o’rtoqlarining ozod etilishi va zo’ravonlikka chek qo’yish talabi bilan chiqqan “Oq libosli ayollar” kampaniyasi vakillari ham namoyishga qo’shildi.
Minsk ko’chalarida oq libosli ayollar qo’lida gul bilan o’z arzini ifodalamoqda. Shunga o’xshash namoyishlar Germaniya, Polsha, Belgiya, Ukraina va Rossiyada ham bo’lib o’tmoqda.
Bahsli saylov natijalaridan xalq norozi. Aleksandr Lukashenko 26 yillik prezidentligi davrida xalq farovonligini ta’minlay olmagan. Jahon hamjamiyati Belarus xalqining demokratik talablarini qo’llab-quvvatlab, bu kurashda ular bilan birga ekanini bildirmoqda.
AQSh va Yevropa mamlakatlari liderlari Belarusdagi joriy vaziyat yuzasidan jiddiy xavotirda ekanini ma’lum qilgan. Ularga ko’ra, Belarusdagi saylov erkin va adolatli o’tmagan. Hukumatning namoyishchilarga kuch ishlatishi, jurnalistlarga bosim o’tkazishi, hibsda qiynoq qo’llashi va internet xizmatini uzib qo’yishi jinoyat, deydi liderlar.
“Umumiy maqsadimiz Belarus xalqining o’zi istagan suvereniteti, ozodligiga erishishi. Ular har bir shaxs istaydigan tabiiy talablar bilan chiqmoqda. Ular o’z hukumatini o’zi tanlashni istaydi. Shuning uchun ham, biz Belarus hukumatini fuqarolik jamiyati bilan keng munosabatlarni yo’lga qo’yib, adolatli murosaga kelishga chaqirayapmiz”, - dedi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Polshaga uyushtirgan rasmiy safari chog’ida.