Accessibility links

Breaking News

Vashington Turkiyaning Hamas bilan aloqalariga e'tiroz bildirmoqda


Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdog'an Hamas lideri Ismoil Haniya bilan. Istanbul, 1-fevral, 2020.
Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdog'an Hamas lideri Ismoil Haniya bilan. Istanbul, 1-fevral, 2020.

AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola

Turkiya va AQSh NATO doirasida qariyb 70 yil davomida ittifoqchilik qilmoqda. Hamkorlik tomonlarning teng manfaatlari va o’zaro ehtiromga asoslangan. Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik, iqtisodiy hamkorlik va inson huquqlarini mustahkamlash borasida ikki davlat bir-biriga dastak.

AQSh terrorizmga qarshi kurashda Turkiyani qo’llab-quvvatlab keladi. Davlatlar o’rtasidagi strategik hamkorlikning muhim elementlaridan biri ham aynan terrorizmga qarshi kurash sanaladi.

Biroq Turkiyaning xatti-harakatlari hamkorlik talablariga hamisha ham uyg’un kelavermaydi. Jumladan, Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog’an 22-avgust kuni Hamasning ikki liderini Istanbulda qabul qildi. Vashington bunga keskin norozilik bildirdi. AQSh Davlat Departamenti so’zlovchisi Morgan Ortagus voqea yuzasidan yozma bayonot berdi:

“Hamas AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan terrorchi tashkilot deb e’lon qilingan. Prezident Erdog’an bilan uchrashgan har ikki shaxs ham “O’ta xavfli global terrorchilar” ro’yxatida”.

AQSh Davlat Departamenti so’zlovchisi Morgan Ortagus
AQSh Davlat Departamenti so’zlovchisi Morgan Ortagus

Hamas Isroil davlatini yo’q qilib, Iordan daryosidan O’rta yer dengiziga qadar bo’lgan hududda Islomiy davlat qurishni maqsad qilgan. O’z maqsadi yo’lida tinch fuqarolarni o’ldirgan. Snaryad, bomba, avtomat va pichoqlar bilan qurollangan.

Prezident Erdog’an qabul qilgan ikki yetakchining biri Ismoil Haniya Hamasning nufuzli siyosiy lideri sanaladi. AQSh uni 2018-yilda “o’ta xavfli global terrorchi”lar ro’yxatiga kiritgan. Vashingtonga ko’ra, Haniya Yaqin Sharq mintaqasidagi barqarorlikka tahdid solmoqda. Tinchlik muzokaralariga to’sqinlik qilib, AQShning Misr va Isroil kabi ittifoqchilariga hujumlar uyushtirmoqda.

Turkiya rahbari qabul qilgan ikkinchi shaxs Solih al-Aruriy Hamas yetakchisining o’rinbosari. Ko’plab teraktlar, samolyot va odam o’g’irlash kabi jinoyatlar uning nomi bilan bog’liq. Jumladan, 2014-yilda uch yahudiy o’smirni G’arbiy sohilda qatl etib, terakt uchun mas’uliyatni Hamas o’z zimmasiga olishini ma’lum qilgan. Al-Aruriy ana shu qotillik jinoyatini “qahramonona operatsiya” deb atagan.

AQShning “Adolat uchun mukofot” dasturi al-Aruriyni qo’lga olishga zamin yaratadigan axborot evaziga 5 million dollargacha mukofot puli berilishini ma’lum qilgan.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Morgan Ortagusning ta’kidlashicha, Turkiya rahbari Hamas yetakchilarini joriy yilda ikkinchi bor qabul qilgan.

“Prezident Erdog’anning ushbu terrorchi guruh bilan doimiy aloqalari Turkiyani jahon hamjamiyatidan ihotalab qo’yadi. Falastin xalqi manfaatlarini oyoqosti qiladi. G’azo sektoridan amalga oshirilayotgan terror xurujlarini to’xtatishga doir global tashabbusni susaytiradi. Biz Turkiya hukumatining Hamas bilan aloqalari yuzasidan eng oliy darajada e’tiroz bildirishda davom etamiz”, - dedi Ortagus.

XS
SM
MD
LG