23-yanvar kuni Rossiyaning 120 dan ziyod shaharlarida muxolifat lideri Aleksey Navalniyning hibsga olinishiga qarshi norozilik namoyishlari bo’lib o’tdi. Mitinglar mamlakat g’arbida Sankt-Peterburg va Moskvadan tortib, sharqda Irkutsk va Janubiy Saxalinskka qadar bo’lgan hududga yoyildi. O’n minglab namoyishchi Navalniyning zudlik bilan ozod etilishini talab qildi.
Yurist va korrupsiyaga qarshi faol Navalniy 17-yanvar kuni hibsga olindi. Zaharlanishi ortidan Germaniyada davolanib qaytayotgan Navalniy Rossiyaning Sheremetyevo aeroportida qo’lga olindi. Mustaqil jurnalistlar muxolifat liderining ushlanishini jonli yoritdi. Mamlakatda Prezident Vladimir Putin hukumatiga qarshi e’tiroz va g’alayonlar alanga oldi.
“AQSh fuqarolarning tinch yo’l bilan namoyish o’tkazish va erkin fikr bildirish huquqini qo’llab-quvvatlaydi. Rossiya hukumati ko’rgan choralar ana shu huquqlarni toptamoqda”, - deb yozdi AQShning Moskvadagi elchixonasi matbuot kotibasi Rebekka Ross.
Politsiya namoyishchilarga nisbatan avvaliga qattiq qarshilik ko’rsatmadi. Biroq odam soni ko’payib, tarqalish talabiga bo’ysunmagach, qurollangan politsiya kuch ishlatishga tushdi. Birin-ketin odamlarni tortqilab, sudrab olib ketdi. 3700 dan ziyod namoyishchi hibsga olindi.
“Rossiya fuqarolarining tinch namoyishlarga chiqish va erkin munosabat bildirish huquqi muntazam ravishda oyoqosti qilinar ekan, muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy qamoqqa olinib, namoyishchilar panjara ortiga tashlanar ekan, kelgusida fuqarolik jamiyati va fundamental huquqlar tahdid ostida qolishiga doir xavotirlar ortmoqda”, - deydi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Ned Prays.
Rossiyaliklarning tinch yo’l bilan norozilik aksiyalarida ishtirok etish, erkin va adolatli saylovlarda qatnashish huquqi nafaqat mamlakat Konstitutsiyasida, balki Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti oldidagi majburiyatlarida, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar bo’yicha xalqaro pakt hujjatlarida ham o’z aksini topgan.
“AQSh Rossiya hukumatini universal huquqlaridan foydalangan barcha fuqarolarni hamda Aleksey Navalniyni hech qanday shartlarsiz, zudlik bilan ozod etishga chaqiradi. Shuningdek, muxolifat liderining zaharlanishi bo’yicha xalqaro tergovga hamkorlik qilishni so’raydi. Mamlakat hududida kimyoviy qurol ishlatilganiga doir asosli izoh berishni talab qiladi”, - deydi Prays.
Matbuot kotibining ta’kidlashicha, AQSh Rossiya va dunyoning har qanday nuqtasida o’z ittifoqchilari va hamkorlari bilan birgalikda inson huquqlarini himoya qiladi.