Accessibility links

Breaking News

Yadroviy qurollanishni cheklash nima uchun muhim?


Bayden va Putin aks etgan maskalarni taqqan faollar. Berlin, Germaniya, 29-yanvar, 2021.

AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola

Prezident Jo Bayden hokimiyatga kelgan ilk kunlaridanoq AQSh va Rossiya o’rtasida yadroviy qurollanishni nazorat qilishga qaratilgan bitimni yana besh yilga uzaytirish taklifi bilan chiqdi. Amaldagi bitim 5-fevral kuni yakuniga yetishi kerak edi.

Ikki davlat rahbari Jo Bayden va Vladimir Putin telefon orqali muloqotda “Yangi START” nomini olgan bitim bo’yicha muzokara o’tkazgan. Tomonlar 5-fevralga qadar bitimni uzaytirishga doir barcha hujjatlarni tayyorlashga kelishib olgan.

Prezidentlar muloqotidan bir kun o’tib, Rossiya parlamentining har ikki palatasi bitimni besh yilga uzaytirishga ovoz bergan.

Kelishuvni 2010-yilda prezidentlar Barak Obama va Dmitriy Medvedev imzolagan. Unga binoan har ikki tomon yadro kallaklarini 1550 donagacha, ularni tashish sistemalarini esa 700 tagacha kamaytirgan.

Hujjat, shuningdek, tegishli joylarda bitimga muvofiqlik holatini nazorat qilish imkonini beradi.

Oq uy matbuot kotibi Jen Psakining ta’kidlashicha, “Yangi START” Rossiya va AQSh o’rtasida yadroviy qurollanishni chegaralaydigan, strategik barqarorlikni ta’minlaydigan yagona bitim sifatida qolmoqda.

Pentagon vakili Jon Kyorbiga ko’ra, Rossiyaning “Yangi START” bitimi shartlari asosida ish yuritishi AQSh milliy manfaatlariga uyg’un. Bitimning o’zgarishsiz holda uzaytirilishi AQSh xavfsizligi uchun muhim.

“Yadroviy arsenalni 2026-yilga qadar cheklashga qaratilgan mazkur bitim kelgusida mamlakatlar o’rtasida qurollanishni nazorat qilish va tahdidlarni kamaytirishga doir yangi mexanizmlarni ishlab chiqish uchun yetarli fursatni ham taqdim etmoqda”, - deydi Kyorbi.

Shu bilan birga, AQSh Rossiyaning boshqa tahdidlaridan ham ogoh. Xitoyning shiddat bilan qurollanayotganiga ham befarq emas.

Putin bilan muloqotda Bayden bitimni uzaytirishdan tashqari o’zaro munosabatlarga soya solayotgan muammolarga ham to’xtaldi. Xususan, Ukraina suverenitetiga tahdid, “SolarWinds” kompaniyasiga uyushtirilgan kiber xuruj, 2020-yilgi saylovlarga aralashuv, AQShning Afg’onistondagi askarlarini yo’q qilish uchun Tolibonga pul mukofoti taklif etilganiga doir xabarlar, dissident Aleksey Navalniyning zaharlanishiga doir e’tirozlar bildirildi.

“O’ylaymanki, “Yangi START” bitimini uzaytirganimiz kabi davlatlarimizning umumiy manfaatlaridan kelib chiqib til topisha olamiz. Rossiyaning ishlaridan xavotirda ekanimizni ham yetkaza olamiz”, - dedi Bayden jurnalistlar bilan suhbatda.

XS
SM
MD
LG