Accessibility links

Breaking News

Bayden Yaman urushiga yakun yasamoqchi


Hutiylar tarafidagi qabila vakillari. Yaman, 22-avgust, 2020.
Hutiylar tarafidagi qabila vakillari. Yaman, 22-avgust, 2020.

AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola

Prezident Jo Bayden tashqi siyosat yo’nalishida AQShning yaqin kelajakdagi rejalarini bayon qildi. Oq uy rahbari, xususan, Yaman urushiga yakun yasash masalasiga alohida e’tibor qaratgan.

Yaman arab mamlakatlari ichida eng iqtisodiy nochor davlat. Mamlakat uzoq yillardan beri qashshoqlik girdobida. Suv va boshqa muhim resurslar yetishmaydi. Aholi tez sur’atlarda o’sib bormoqda. Mahalliy konfliktlar mamlakatni ortga tortmoqda. Oziq-ovqat xavfsizligi izdan chiqqan.

Eng achinarlisi, 2014-yilda boshlangan fuqarolar urushi tashqi kuchlar aralashuvi bilan yanada keskin tus oldi. Yamanda Eron va Saudiya yetakchiligidagi arab mamlakatlari koalitsiyasi manfaatlari to’qnashdi. Doimgiday, qurolli hujumlardan eng yirik aziyat chekkan tinch aholi bo’ldi.

Ayni damda Yamanda 24,3 million aholi gumanitar yordam va himoyaga muhtoj. Urush 2015-yildan buyon o’n minglab tinch aholi vakillarining umriga zomin bo’ldi. 3,6 million aholi uy-joyini tashlab chiqib ketishga majbur bo’ldi.

AQSh Prezidenti Jo Baydenning ta’kidlashicha, AQSh gumanitar va strategik halokatga aylangan Yaman urushiga barham berish maqsadida o’z diplomatik missiyasini kuchaytiradi.

“Men Yaqin Sharq mintaqasi bo’yicha mas’ul guruhga BMT yetakchiligida Yamanda qon to’kilishini to’xtatish, gumanitar yordam kanallarini joriy etish hamda uzoq yildan beri natijasiz qolayotgan sulh muzokarasini tiklash tashabbusini dastaklash vazifasini yukladim”, - deydi Oq uy rahbari.

Shuningdek, Prezident Bayden Fors ko’rfazi mintaqasi bo’yicha uzoq yillik tajribaga ega diplomat va ekspert Timoti Lenderkingni AQShning Yamandagi maxsus elchisi etib tayinladi. Lenderking Yamanda urushni tugatish bo’yicha AQShning diplomatik missiyasini boshqaradi.

“Lenderking mintaqa bo’yicha katta tajribaga ega. U konfliktga diplomatik yechim topish uchun BMTning maxsus elchisi va barcha manfaatdor tomonlar bilan hamkorlikda ishlaydi.

Lenderking diplomatiyasiga kulfat ichida yashayotgan Yaman xalqiga gumanitar yordam ko’rsatishga intilayotgan “USAID” tashkiloti hamroh bo’ladi”, - deydi prezident.

Shuningdek, AQSh Yaman urushidagi operatsiyalar va shunga aloqador qurol-yaroq savdosiga chek qo’yadi, deya ta’kidladi Bayden.

Biroq, prezidentning bildirishicha, AQSh Arab yarimorolida, xususan, Yamanda “Al-Qoida”ga qarshi kurash kampaniyasidan voz kechmaydi. Saudiyani mudofaa yo’nalishida dastaklashni to’xtatmaydi.

“Saudiyaga raketa va dron hujumlari, turli mamlakatlarda Eron qo’llab-quvvatlayotgan kuchlar tahdid solmoqda. Biz o’z suvereniteti, hududiy daxlsizligi va xalqini mudofaa qilishda Saudiyani dastakla va zarur yordam ko’rsatishda davom etamiz”, - dedi Bayden.

XS
SM
MD
LG