AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola
24-fevral kuni “Amerika Ovozi” o’z faoliyatini boshlaganiga 79 yil to’ladi.
Ikkinchi Jahon urushining dastlabki kunlaridayoq AQSh hukumati natsistlar propagandasiga qarshi o’z kanalini yaratishga qaror qildi. Bu axborot kanali isbot va dalillarga tayangan xolis vosita bo’lishi kerak edi.
Shundan kelib chiqib, 1942-yilning 1-fevralida “Amerika Ovozi” radiosiga asos solindi. 24-fevral sanasida radio to’lqinlarida uning ilk 15 daqiqalik dasturi nemis tilida uzatildi.
“Amerikadan gapiramiz. Har kuni shu soatda Qo’shma shtatlar va urushga doir axborot bilan tanishasiz. Yangiliklar xush yoki noxush bo’lishi mumkin. Biz faqat haqiqatnigina yoritamiz”, - deya boshlangan edi ana shu tarixiy efir.
Darhaqiqat, faoliyatining ilk onlaridan “Amerika Ovozi” mamlakatning real hayoti aks etgan ko’zguga aylandi. Xususan, qonunda qayd etilganidek, “Amerika Ovozi” haqqoniy, xolis va to’laqonli axborot tarqatishi; Amerikaning muhim qarashlari, institutlari, shuningdek, siyosatini muvozanatli va atroflicha yoritishi lozim.
Radioning 20 yillik yubileyida so’zlar ekan, Prezident Jon Kennedi mamlakatni dunyoga tanitish “Amerika Ovozi” zimmasida ekanini ta’kidlagan edi.
“Bu o’ta murakkab va nozik vazifa. Bir tarafdan, siz hukumatning, shuningdek, xalqning vositachisisiz. Demokratiya va Amerikani dunyoga eng yorqin ranglarda tanitish sizning burchingiz.
Ikkinchi tarafdan, ozodlikning sababchisi va elchisi sifatida axborotni haqqoniy yoritishga ham mas’ulsiz. Oliver Kromvell o’z portreti haqida aytganiday: “Bizni barcha dog’larimiz va so’gallarimiz bilan, odamlarga ilk qarashda xush yoqmaydigan sifatlarimiz bilan tasvirlang”, - degan edi Kennedi.
Shu tariqa, dunyo aholisi asrning olamshumul yangiliklarini “Amerika Ovozi”dan tinglay boshladi. Xususan, 1969-yilning 20-iyulida insoniyatning oyga sayohatiga doir xabarni 615 million odam shu radio to’lqinlarida tingladi.
AQSh Davlat departamenti joriy yilning 1-fevralida “Twitter” sahifasida quyidagicha yozdi:
“Amerika Ovozi” o’zining ilk chiqishidayoq “Yangiliklar xush yoki noxush bo’lishi mumkin. Biz faqat haqiqatnigina yoritamiz”, deya ta’kidlagan edi. Ana shu ilk efirdan boshlab bugungi kunga qadar “Amerika Ovozi” ozodlik va demokratiya himoyasi yo’lida dunyo aholisiga axborot taqdim etdi, auditoriya diqqatini jalb etdi va ularni birlashtirdi”.