AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola
Rossiya Qrimni egallab, o’z hududiga qo’shib olganiga yetti yil to’ldi. Ana shu munosabat bilan chop etilgan bayonotida AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken oddiy haqiqatni tasdiqladi: Qrim Ukrainaniki.
“Qrimning egallab olinishi va yarimorolda harbiy shaylikning tobora kuchayib borishi Ukraina sarhadlaridan chiqib jahonning umumiy tinchligiga tahdid solmoqda”, - deya ta’kidlaydi Blinken.
Darhaqiqat, Rossiya bosqini gumanitar sohada jiddiy oqibatlarga sabab bo’ldi. Qrimda tatarlar, ukrainlar va ozchilikni tashkil etuvchi boshqa etnik va diniy qatlam vakillariga qarshi repressiya kampaniyasi kuchaytirilgan. Rossiya hukumati masjidlar va xonadonlarda reydlar o’tkazmoqda. Mustaqil ommaviy axborot vositalarini Qrimdan siqib chiqarmoqda. Rossiya agressiyasiga qarshi chiqqanlar uzoq yillik qamoq jazosiga tortilmoqda. Moskva repressiyasi natijasida qrimliklar muntazam qo’rquv va hadik ichida, qaramlikda kun kechirmoqda.
Blinken Rossiyani Qrimga egalik qilishni to’xtatib, adolatsiz qamalgan barcha ukrainalik siyosiy mahkumlarni ozod etishga, yarimorol nazoratini Ukrainaga to’liq qaytarishga chaqirdi. Shuningdek, Ukraina sharqidagi Rossiya agressiyasiga chek qo’yishni talab qildi.
Davlat kotibining ta’kidlashicha, Qrim anneksiyasi va Ukraina sharqidagi agressiv harakatlari uchun Rossiyaga AQSh tomonidan qo’llangan sanksiyalar Moskva o’z kursini o’zgartirgunga qadar kuchini yo’qotmaydi. Qrimning Rossiya tarkibiga qo’shib olinishini AQSh tan olmagan va kelgusida ham tan olmaydi.
AQSh Ukrainaning “Qrim platformasi”ni joriy etishga doir tashabbusini olqishlamoqda. Platforma Qrim anneksiyasiga qarshi xalqaro hamjamiyat munosabatini jonlantirish, ortib borayotgan tahdidlarga qarshi kurashni kuchaytirish, Rossiyaga qarshi xalqaro bosimni oshirish, bosqindan aziyat chekkan qatlamni himoya qilish, Qrim anneksiyasini bekor qilib, yarimorolning nazoratini Ukrainaga to’liq qaytarishni nazarda tutadi. “Qrim platformasi”ga joriy yilning 23-avgustiga belgilangan xalqaro sammitda rasman start beriladi.
AQSh Ukraina hamda o’z ittifoqchilari va hamkorlari bilan hamjihatlikda Rossiyaning Qrimga egalik qilishi va Ukraina sharqidagi agressiyasiga qarshi kurashni davom ettiradi.