AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola
Prezident Jo Bayden ma’muriyati inson huquqlari dunyo bo’ylab muhofaza qilinishi, uning himoyachilari olqishlanishi, shu uzviy huquqlarni toptaganlar muqarrar jazoga tortilishi lozim deb hisoblaydi. BMTning Inson huquqlari kengashi huzurida so’zlar ekan, AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken ana shunday bayonot berdi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida qayd etilganidek, insonning barcha huquqlari universal, daxlsiz va o’zaro aloqadordir, dedi diplomat.
“AQSh tashqi siyosatining markazida demokratiya va inson huquqlari turadi. Chunki ular tinchlik va barqarorlik garovidir. O’z demokratik tajribamizga asoslangan bu pozitsiyamiz o’zgarmasdir”, - deya ta’kidladi Blinken.
AQSh 2022-2024-yillar mobaynida BMTning Inson huquqlari kengashi tarkibiga kirishga intilar ekan, inson huquqlariga e’tibor yanada jiddiy tus olgan.
“Biz kengashga a’zo mamlakatlarning inson huquqlarini ta’minlash bo’yicha yuqori standartlarga ega bo’lishiga e’tibor qaratamiz. Inson huquqlarini toptayotgan mamlakatlarga kengash tarkibida joy yo’q. Inson huquqlarining dunyo bo’ylab mustahkamlanishi uchun kengashga a’zolik talablari va uning faoliyatini takomillashtirish yo’lida hamjihatlikda ishlashimiz zarur”, - dedi AQSh bosh diplomati.
BMTning tamal toshi bo’lgan qadriyatlarni oyoqosti qilayotgan a’zo mamlakatlarning aksariyati ham inson huquqlari himoyasini olqishlamoqda.
“Inson sifatida har birimiz daxlsiz huquqlarga egamiz. Davlatlar ana shu fundamental huquqlarni himoya qilish uchun mas’uldir”, - dedi Blinken.
“Iqtisodiy taraqqiyot homiysi niqobi ostida inson huquqlarini toptab kelayotganlar javobgarlikka tortilishi lozim. Xususan, o’z mamlakatlari ichida ana shu huquqlarni oyoqosti qilganligi uchun ham.
Biz Venesuela, Nikaragua, Kuba va Eron kabi mamlakatlarda qo’llanilayotgan zulmga ko’z yuma olmaymiz. Rossiya hukumatidan Aleksey Navalniyni zudlik bilan, hech qanday shartlarsiz ozod etishni takror va takror talab qilamiz. Shuningdek, o’z fundamental huquqlaridan foydalangani uchun nohaq hibsga olingan yuzlab fuqarolarni ham ozod etishini istaymiz. Shinjonda repressiya avjida ekan, Gonkongda fundamental erkinlik tahdid ostida ekan, biz universal qadriyatlar himoyachisi sifatida kurashish yo’lidan qaytmaymiz”, - dedi diplomat.
Blinkenning ta’kidlashicha, AQSh global maydonda inson huquqlarini himoya qilish va uni targ’ib etish missiyasidan voz kechmaydi.
“Biz BMT tashkiloti va barcha mintaqalarning nodavlat tashkilotlari doirasida do’stlarimiz va hamkorlar bilan hamjihatlikda ishlab, kengashning o’z majburiyatlarini to’kis ado etishiga, dunyoda inson huquqlarining mustahkamlanishiga samarali hissa qo’shamiz degan umiddamiz”, - dedi Blinken.