Accessibility links

Breaking News

AQSh NATO blokining ertasini qanday ko'rmoqda?


Qariyb 75 yildirki, NATO bloki Yevropa va Shimoliy Amerika xavfsizligi va ozodligini himoya qilib keladi. NATOning Belgiyadagi shtab kvartirasida so’zlar ekan, AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken blok oldida turgan asosiy vazifa zamonaviy tahdidlarga qarshi yangicha kurashga moslashish va alyans hamkorligini yangilash ekanini ta’kidladi.

AQSh bosh diplomatiga ko’ra, ayni damda uch kategoriyadagi tahdidlarga qarshi kurashga shay turish lozim.

Birinchi kategoriyaga xorijiy mamlakatlarning qurolli kuchlari tomonidan bo’layotgan tahdidlar kiradi. Xususan, Xitoy, Rossiya, Eron va Shimoliy Koreya tahdidi alohida e’tiborga molik.

Ikkinchi kategoriya NATO mamlakatlari xavfsizligiga rahna solayotgan texnologik, iqtisodiy va information tahdidlarni o’z ichiga oladi. Ushbu tahdidlarning aksariyati ham yuqorida qayd etilgan mamlakatlar tomonidan qo’llanilmoqda.

Uchinchi kategoriya global inqiroz bilan bog’liq. Xususan, COVID-19 pandemiyasi va iqlim o’zgarishi shular jumlasidan. Bundan tashqari, global terrorizm ham jiddiy xavf uyg’otayotgan tahdid sifatida qolmoqda.

Blinkenning ta’kidlashicha, bu tahdidlarga qarshi turish va samarali kurashish uchun ittifoqchi mamlakatlar alyans missiyasiga sadoqatini yangidan tasdiqlashi zarur.

“Ittifoqimiz mushtarak qadriyatlarimizni himoyalash maqsadida tuzilgan. Ana shu qadriyatlar va himoyalash majburiyatiga ega bo’lganimiz xalqaro munosabatlarning asoslariga sadoqatimizni tasdiqlash muhim. Munosabatlar esa qonun-qoidalar negizida erkinlik va oshkoralikka tayanadi”, - dedi Blinken.

Diplomatning aytishicha, NATO faoliyatining samaradorligini ta’minlash uchun modernizatsiya jarayonlari davom etishi shart. Bu ittifoqchilarning harbiy salohiyatini oshirish, kuchli mudofaa va shaylikni ta’minlashdan boshlanadi. Shuningdek, iqtisodiy, texnologik va informatsion tahdidlarni barataraf etish imkoniyatlarini kengaytirish zarur.

Blinken NATO doirasida ittifoqchilar va hamkorlar o’rtasida yanada kengroq koalitsiyani shakllantirishga chaqirdi. Uning izohlashicha, xavfsizlik bo’yicha Avstraliya, Hindiston, Yaponiya va AQSh o’rtasida o’rnatilgan to’rt tomonlama dialog aynan ana shu g’oya asosida joriy etilgan.

“Biz Hind-Tinch okeani mintaqasining bosimlardan holi va demokratik qadriyatlarga asoslangan erkin, ochiq, inklyuziv va sog’lom muhitga ega makon bo’lishini istaymiz. Biz yaxshi jamoamiz. Hamkorligimiz G’arbiy va Janubiy Xitoy dengizida xavfsizlikni ta’minlashga doir parallel intilishlarimizni mustahkamlaydi. Shuningdek, xavfsiz, hamyonbop va samarali vaksinalarni ishlab chiqarish hamda ulardan tenglik asosida foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi”, - dedi Blinken.

Diplomatning ta’kidlashicha, NATO oldidagi yo’l ittifoqchilik munosabatlarini nafaqat qayta izga solish, balki ularni takomillashtirishga asoslanishi lozim.

“Agar buni uddalasak, biz yenga olmaydigan biror muammo qolmaydi”, - dedi Blinken.

XS
SM
MD
LG