AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola
Prezident Jo Bayden ma’muriyati Shimoliy Koreya bo’yicha AQSh siyosiy pozitsiyasining qanday davom etishini muhokama qilmoqda. Davlat departamenti so’zlovchisi Ned Praysning ta’kidlashicha, kelgusida tatbiq etilajak barcha strategiyalarda Shimoliy Koreya yadroviy dasturi va ballistik raketalari hamda kiber xurujlari bilan bog’liq tahdidlardan AQSh va uning ittifoqchilarini himoya qilish eng muhim faktor bo’ladi. Shuningdek, Prays Janubiy va Shimoliy Koreya xalqining hayot darajasini yaxshilash muhim ahamiyatga ega ekaniga urg’u berdi.
Matbuot kotibining ta’kidlashicha, Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturini to’xtatish yo’lida Sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan yaqindan hamkorlik qilish kerak.
“Biz shu maqsadda Janubiy Koreya va Yaponiya, shuningdek, Hind-Tinch okeani mintaqasi va butun dunyo bo’ylab ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz bilan mustahkam aloqada ish olib borayapmiz. Aynan Eronga nisbatan tutgan pozitsiyamiz singari Shimoliy Koreya yadroviy va raketa dasturlariga doir masalalarni samarali va muvaffaqiyatli hal etish hamda boshqa muammolarni nazoratga olish yo’lida ittifoqchi va hamkorlar bilan mustahkam rishtalarni yo’lga qo’yish zarur.
Yaqinda BMTga AQShning elchisi etib tayinlangan Linda Tomas Grinfild ham 2-mart kuni o’tgan matbuot anjumanida mintaqadagi ittifoqchilar bilan hamjihatlikda ish tutish muhim ekanini ta’kidlagan edi.
“Shimoliy Koreya bizning mamlakatimiz va planetamizdagi barcha mamlakatlar tinchligi va xavfsizligiga jiddiy tahdid uyg’otayotganiga aminmiz. Shuning uchun ham Shimoliy Koreyani ortga qaytarish, bu mamlakat tarafidan qo’llanilishi mumkin bo’lgan provokatsiya va hujumlardan himoyalanishga jiddiy e’tibor qaratmoqdamiz”, - dedi diplomat.
AQSH hukumati Shimoliy Koreyaga nisbatan siyosiy kursni ishlab chiqishda Janubiy Koreya va Yaponiya bilan yaqin hamkorlikni davom ettiradi. Bunday hamkorlik AQSh fuqarolari va uning ittifoqchilarini munosib himoyalashga, Koreya yarimorolida tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.