Accessibility links

Breaking News

Bayden Afg'onistondan AQSh kuchlarini qaytarish to'g'risida


AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola

Oq uydan murojaat qilar ekan, Prezident Jo Bayden AQSh kuchlarining Afg’onistondagi so’nggi kontingentini vatanga qaytarish 1-maydan boshlanishi va 11-sentabrga qadar tugallanishini ma’lum qildi.

Bundan qariyb 20 yil avval Al-Qoidaga qarshi kurash va kelgusida amalga oshirilishi mumkin bo’lgan teraktlarning oldini olish maqsadida AQSh Afg’onistonga qo’shin kiritgan edi.

“Maqsadimiz aniq edi. Sabab ham adolatli edi. Biroq endi ortga qaytish fursati yetdi”, - dedi prezident.

Baydenning ta’kidlashicha, yillar mobaynida terrorizm tahdidi o’zgardi. Shunday ekan, AQSh reaksiyasi ham o’zgarishi lozim.

“Tahdid maydoni kengaydi, turli mintaqalarda ildiz otdi: Somalida Al-Shabob, Arab yarimorolida Al-Qoida, Suriyada Al-Nusra, Afrika va Osiyodagi ko’plab mamlakatlarda o’z guruhlarini tashkil etishga urinayotgan “Islomiy davlat” Iroq va Suriyada xalifalik tuzish payida”, - deydi Bayden.

Prezidentning izohlashicha, AQShning terrorizmga qarshi kurash strategiyasi ham joriy voqelikka muvofiqlashtirilmoqda.

“Biz ushbu hududdagi terrorizmga qarshi kurash salohiyatimiz, yirik miqdordagi harbiy texnika va qurollarimizni terrorizmning qayta jonlanishiga qarshi yo’naltiramiz. Afg’oniston zaminidan AQSh yoki uning ittifoqchilariga qarshi terror xurujini amalga oshirmaslik majburiyatiga amal qilishni Tolibonga yuklaymiz. Afg’oniston hukumati ham bizga shu mazmunda va’da bergan. Biz esa to’liq e’tiborimizni bugungi kunda qarshimizda turgan tahdidlarga qaratamiz”, - dedi Oq uy rahbari.

Prezident, shuningdek, Afg’onistonda AQSh Qurolli kuchlari safida jasorat, matonat va sadoqat bilan xizmat qilgan ayollar va erkaklarga ehtiromda ekani va ularni qo’llab-quvvatlashini bildirdi. “Afg’onistonda qariyb 20 yil mobaynida yelkama-yelka kurashgan” AQShning ittifoqchilari va hamkorlarining hissasini yuksak baholadi.

Baydenning izohlashicha, AQSh harbiylari Afg’onistonni tark etsa-da, ko’mak uzilmaydi. “Biz Afg’oniston hukumatini dastaklashda davom etamiz. Afg’onistonning Mudofaa va Xavfsizlik kuchlariga yordamni to’xtatmaymiz”, - dedi prezident.

AQSh mintaqadagi boshqa mamlakatlar, xususan, Afg’onistonda barqarorlik o’rnatilishidan manfaatdor bo’lgan Pokiston, Rossiya, Xitoy, Hindiston va Turkiya kabi mamlakatlardan Kobulga yordam ko’rsatishni so’ramoqda.

“Afg’oniston urushida bir necha avlodlar almashinuvi yuz bermasligi kerak edi. Bizga hujum qilindi. Urushga aniq maqsad bilan kirdik. Bin Laden o’ldirildi va Afg’onistonda Al-Qoida parchalandi”, - dedi Bayden.

XS
SM
MD
LG