AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola
Rossiyaning so’nggi haftalarda minglab askarlarini chegara bo’ylab joylashtirishi ortidan Ukraina sharqida tanglik kuchaydi. 2014-yilda Qrim egallanganidan buyon Rossiya mintaqada bu qadar yirik qo’shin to’plamagan edi. Ukraina hukumati taqdim etgan ma’lumotga ko’ra, yetti yildan beri davom etayotgan to’qnashuvlarda jami 14 ming inson halok bo’lgan.
22-aprel kuni bayonot bergan Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu qo’shinlar may oyida ortga qaytarilishini bildirgan. Chegara yaqinida 2014-yildan buyon eng katta hajmda harbiy kuch to’planganini tasdiqlagan.
AQSh Davlat kotibi Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kulebo bilan uchrashuvi chog’ida Vashington Ukraina suvereniteti va hududiy daxlsizligini shak-shubhasiz himoya qilishini ta’kidlagan.
“Ayniqsa, Rossiyaning Ukrainaga nisbatan provokatsion harakatlari kuchaygan bir davrda bizning dastagimiz alohida ahamiyatga ega”, - dedi Blinken.
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg ham Rossiyani Ukrainaga qarshi harbiy bosimni zudlik bilan to’xtatishga, provokatsiyani bas qilib, vaziyatni o’nglashga chaqirdi.
AQSh bosh diplomatining ta’kidlashicha, NATO Ukrainaning mudofaa alyansiga qo’shilish taklifini ko’rib chiqmoqda. Uning aytishicha, Ukraina bu yo’lda muhim qadamlarni tashlashga muvaffaq bo’lgan. Xususan, mamlakatda demokratik institutlar mustahkamlangan, qonun ustuvorligi tamoyillari rivojlangan. Shuningdek, kelgusida Ukrainaning NATO tarkibiga kirishi va tegishli institutlar bilan integratsiyalashuvi uchun muhim ahamiyatga ega bo’lgan iqtisodiy islohotlar amalga oshirilgan.
AQSh va Rossiya rahbarlarining telefon orqali muloqotida Jo Bayden Ukraina suvereniteti va territorial yaxlitligini dastaklash borasida qat’iy pozitsiyada ekanini ta’kidladi. Oq uy taqdim etgan bayonotda keltirilishicha, Bayden Valdimir Putinni Qrim va Ukraina chegarasida kuch to’plashni to’xtatishga va tanglik holatini bartaraf etishga chaqirgan.
Muloqot chog’ida Bayden, shuningdek, AQSh mamlakat manfaatlaridan kelib chiqib, Rossiya bilan barqaror va oshkora munosabat o’rnatish umidida ekanini ma’lum qilgan. Yaqin oylarda uchinchi mamlakat hududida oliy darajadagi uchrashuvni tashkil etib, AQSh va Rossiya qarshisida turgan dolzarb masalalarni muhokama qilish taklifini bildirgan.