AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola
Xalqaro hamjamiyat tomonidan na erkin, na haqqoniy deb topilgan Belarus prezidentlik saylovi o’tganiga bir yildan oshdi. “Yevropadagi so’nggi diktator” deb atalayotgan Aleksandr Lukashenkoga qarshi mamlakat bo’ylab norozilik namoyishlari uyushtirildi.
Namoyishlarga Lukashenko rejimi tomonidan keskin reaksiya bildirildi. AQSh Davlat departamentining Inson huquqlariga doir 2020-yil hisobotida keltirilishicha, Belarusda kamida to’rt nafar namoyishchi qatl etilgan, minglab fuqaro hibsga olingan. Ularning ayrimlariga nisbatan qiynoq, jinsiy tajovuz va elektroshok qo’llanilgan.
600 nafardan ziyod fuqaro hech qanday asossiz hanuz panjara ortida qolmoqda.
Soxtalashtirilgan saylovga bir yil to’lgan kunda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken tinch namoyishchilarning hibsga olingani, mustaqil ommaviy axborot vositalari faoliyatining tugatilgani, nodavlat tashkilotlar faoliyati va fuqarolik jamiyatiga Belarus hukumati qo’llayotgan bosimni qoraladi.
Diplomatning ta’kidlashicha, so’nggi oylarda Lukashenko rejimi qo’llayotgan terror Belarus sarhadlaridan tashqari tomon kengaydi. May oyida hukumat o’z havo hududidan o’tayotgan tijoriy avialaynerni majburan qo’ndirib, shu reysda ketayotgan belarus jurnalistni qo’lga oldi.
Keyinroq hukumat Belarus sha’nini himoya qilgan sportchi Kristina Timanovskayani olimpiadadan majburan chetlatishga urindi. Natijada, Polsha sportchiga gumanitar viza taqdim etdi. So’z erkinligi huquqidan foydalanib, Belarus Olimpiya qo’mitasini ijtimoiy tarmoqlarda tanqid qilgan Timanovskayani vatanga qaytishga majburlashga urinishlar bo’ldi.
Inson huquqlarining qo’pol tarzda buzilishi va xalqaro qonunchilik doirasidagi majburiyatlarini bajarmayotganiga javoban Blinken 9-avgust kuni Belarusning 44 nafar jismoniy va yuridik shaxslariga qarshi sanksiya joriy etilganini ma’lum qildi. Maqsad mamlakatdagi va uning tashqarisidagi belaruslarga qarshi davom etayotgan beayov repressiya uchun Aleksandr Lukashenko va uning rejimini javobgarlikka tortish, deya ta’kidladi Blinken.
AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi Belarus davlat korxonalari, hukumat rasmiylari hamda shu rejimni dastaklayotgan, repressiyaga, qonun buzilishiga imkon yaratayotgan boshqa shaxslarni sanksiyalar ro’yxatiga kiritdi.
Blinken shu kunning o’zida Britaniya va Kanada tomonidan hamda 24-iyun kuni Yevropa Ittifoqi tomonidan Belarus hukumatiga qarshi e’lon qilingan sanksiyalarni olqishladi.
“AQSh Belarus xalqining demokratik intilishlarini dastaklashga tayyor xalqaro hamjamiyatning bir qismi bo’lgan Litva va Polsha bilan yaqin hamkorlikdan manfaatdor. Biz Belarusda inson huquqlarining toptalishi ortida turganlarni javobgarlikka tortish yo’lida xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikni davom ettiramiz. Inson huquqlari va asosiy erkinliklarning ta’minlanishiga intilayotgan Belarus xalqini qo’llab-quvvatlaymiz”, - deya ta’kidladi Blinken.