AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola
“AQSh Gruziyani qudratli strategik hamkor sifatida qadrlaydi”, - dedi AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Tbilisiga tashrifi chog’ida.
Vazirning ta’kidlashicha, AQSh Gruziya suvereniteti va hududiy yaxlitligini dastaklashda sobitqadam.
Ostinning qayd etishicha, Gruziyada so’nggi uch yilda amal qilgan Mudofaa dasturi mamlakatning harbiy salohiyati va shayligini mustahkamladi. Ushbu dastur o’rnini endi Gruziya mudofaasi va agressiyadan tiyilish salohiyatini kuchaytirish tashabbusi egallaydi.
“Biz Gruziyaning Mudofaa shayligi dasturi vositasida erishilgan yutuqlarni takomillashtirishni rejalaganmiz. Effektiv mudofaa va ogohlik uchun muhim bo’lgan salohiyat va imkoniyatlarni mustahkamlash yo’li bilan mudofaa sektorida institutsion islohotlarni davom ettirish, NATO bilan operativ muvofiqlikni ta’minlash, shuningdek, Gruziya Mudofaa vazirligi va Mudofaa kuchlarini modernizatsiya qilish hamda rivojlantirishga bel bog’laganmiz”, - deya ta’kidladi Ostin.
Rasmiyning aytishicha, bu tashabbus muvaffaqiyati ikki mamlakat o’rtasida yaqin hamkorlikni talab qiladi. Umumiy maqsadlar yo’lida hamjihatlikni taqozo etadi.
“O’zaro muvofiqlik bo’yicha biz imzolagan memorandumda Mudofaa vazirligining Gruziyani himoya qilishdagi muqim faoliyatiga urg’u beriladi, agressiyadan tiyilish hamda Yevro-Atlantik integratsiya tomon intilishning ahamiyati ta’kidlanadi. O’z navbatida, Gruziya ham AQSh ko’magidan oqilona foydalanib, mamlakatni G’arb bilan yaqinlashtirish uchun demokratiya va fundamental islohotlarni mustahkamlashi lozim”, - deydi Ostin.
Vazir, shuningdek, AQSh va NATO ning Afg’onistondagi harakatlarini qo’llab-quvvatlagani uchun Gruziya hukumati va xalqiga minnatdorchilik bildirdi.
“Ushbu missiyada Gruziya harbiylari amerikalik quroldoshlari bilan yelkama-yelka munosib jang qildi. Mamlakat katta yo’qotishlarga duch keldi: 32 nafar harbiy halok bo’ldi, 293 askar yaralandi. AQSh berilgan qurbonlarga ehtirom ko’rsatadi, gruzin xalqi va harbiylarning oila a’zolariga minnatdorchilik bildiradi”, - dedi rasmiy.
“Afg’onistondagi kollektiv harakatlarimiz strategik sherikchiligimiz, umumiy manfaat va qadriyatlarimizning mustahkamligini anglatadi”, - deya qo’shimcha qildi Ostin.