Accessibility links

Breaking News

Qora dengiz mamlakatlari bilan hamkorlik nima uchun muhim?


AQSh Mudofaa vaziri Gruziyada. Tbilisi, 18-oktabr, 2021.
AQSh Mudofaa vaziri Gruziyada. Tbilisi, 18-oktabr, 2021.

AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin yaqinda Qora dengiz mintaqasidagi uch mamlakat – Gruziya, Ukraina va Ruminiyaga tashrif buyurdi.

O’z nutqida vazir ushbu mamlakatlarning xavfsizlik yo’nalishida AQSh bilan mustahkam hamkorlik qilib kelayotganini yuksak baholadi. Xalqaro koalitsiya tarkibida AQSh kuchlari bilan Iroq va Afg’onistonda yelkama-yelka kurashib, qurbonlar bergan Gruziya va Ruminiya xalqiga minnatdorchilik izhor etdi. Rossiya tarafidan tahdidlar kuchayib borar ekan, AQSh mintaqa mamlakatlarining hududiy yaxlitligi va suvereniteti himoyasini qo’llab-quvvatlash ahdida qat’iy ekanini ta’kidladi.

“O’z-o’zidan ma’lumki, Ukraina sharqida harbiy operatsiyalar, Gruziyaga tegishli ayrim hududlarining egallab olinishi, Qora dengizda harbiy shaylikning oshirilishi, havo va dengiz sarhadlarida provokatsion xatti-harakatlarning kuchayishi misolida Rossiya agressiyasi ortib borar ekan, mintaqa mamlakatlari jiddiy xavf bilan yuzlashmoqda. Rossiyaning vaziyatni izdan chiqarishga urinishi uning mintaqada hal qiluvchi pozitsiyani qayta egallashga doir ambitsiyasidan hamda bir butun, erkin va tinch Yevropani yaratishga qarshilik qilish istagidan darak beradi”, - deya ta’kidladi Ostin.

Vazir Qora dengiz mintaqasidagi hamkor mamlakatlarga AQSh bilan hamjihatlik va birdamlik uchun minnatdorchilik bildirdi. Vashington Gruziya, Ukraina, Ruminiya, shuningdek, Bolgariya harbiy dengiz floti qudratini oshirishga ko’maklashishda davom etishini, Rossiya tahdidlariga qarshi kurash va mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga yordam berishini ma’lum qildi.

Lloyd Ostinning yuqorida qayd etilgan uch mamlakatga tashrifi Qora dengiz mintaqasi xavfsizligi bo’yicha

NATO blokining pozitsiyasini ham aks ettirdi. Mintaqada Ruminiya NATO ning muhim ittifoqchilaridan. Ukraina va Gruziya esa blokka a’zo bo’lish uchun intilayotgan hamkor mamlakatlardan.

AQSh mudofaa vaziri Ruminiyani NATO doirasidagi namunali ittifoqchi mamlakat sifatida e’tirof etdi. Mudofaa kuchlarini modernizatsiya qilish, blok doirasidagi mas’uliyatini to’laqonli bajarish, NATO ning Yevropa va undan tashqaridagi missiyalarida ishtirok etish borasida Ruminiyaga yuksak baho berdi. Shuningdek, Ruminiya AQShning ko’p sonli rotatsion kuchlari joylashgan mamlakat ekaniga alohida urg’u berdi.

Gruziya va Ukrainada so’zlar ekan, Ostin demokratik institutlarni mustahkamlash korrupsiya va agressiyaga qarshi kurashning muhim elementi ekanini ta’kidladi. Har ikki hukumatni blokka a’zo bo’lish yo’lida islohotlar o’tkazishda sobitqadam bo’lishga chaqirdi.

“AQSh Qora dengiz mintaqasida xavfsizlik va barqarorlik o’rnatilishidan manfaatdor va bu NATO ning sharqiy qanoti xavfsizligi uchun o’ta muhim. Biz diqqat-e’tiborimizni uzmagan holda mintaqa mamlakatlari bilan hamkorligimizni davom ettiramiz”, - dedi Ostin.

XS
SM
MD
LG