AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola
AQSh Prezidenti Jo Bayden va Xitoy rahbari Si Zinpinlarning 15-noyabr kuniga belgilangan virtual uchrashuvi oldidan har ikki lider muzokaralar “samimiy, ochiq va keng qamrovli” bo’lishidan umidvor ekanini bildirgan edi.
Bu umidlar zoye ketmadi.
“Ikki davlat rahbari o’zaro aloqalarning murakkab xarakteri hamda raqobat muhitini mas’uliyat bilan boshqarish masalalarini muhokama qildi. Prezident Bayden Xitoy rahbari bilan qator masalalar bo’yicha AQShning rejalari va ustuvor vazifalari yuzasidan samimiy hamda to’g’ridan-to’g’ri muloqot qilish imkoni yaralganini olqishladi”, deyiladi Oq uy bayonotida.
Bayden, xususan, Xitoyning Shinjon, Tibet va Gonkongdagi og’ir siyosati hamda inson huquqlariga doir keng qamrovli muammolar, XXI asr tartib-qoidalarining erkin, oshkora va adolatli xalqaro tizimga tayanishi, Hind-Tinch okeani mintaqasi farovonligi uchun dengiz va havo sarhadlaridan erkin va xavfsiz foydalanish, Amerika ishchilari va sanoatini adolatsiz savdo va iqtisod amaliyotidan himoyalash masalalarini ko’tardi.
“Ptrezident Bayden Tayvan bilan munosabatlar to’g’risidagi qonun, uch bitim va olti kafolat hujjatlariga muvofiq, AQSh “Yagona Xitoy” siyosatiga sodiq qolishiga urg’u berdi. Tayvan bo’g’ozi bo’ylab joriy vaziyatni bir tomonlama o’zgartirish sa’y-harakatlariga, tinchlik va barqarorlikni izdan chiqarishi mumkin bo’lgan amallarga Vashington keskin qarshi ekanini ta’kidladi”, deyiladi Oq uy bayonotida.
Tomonlar, shuningdek, AQSh va Xitoy o’rtasidagi o’zaro raqobatning konfliktlarga aylanib ketishining oldini olishga qaratilgan ezgu strategiyani yaratish, aloqa kanallariga to’siq o’rnatmaslik masalalarini ham muhokama qilgan.
O’z navbatida, Prezident Bayden ikki qudratli iqtisod liderlari sifatida Si Zinpinni global sog’liqni saqlash, noqonuniy narkotik savdosiga qarshi kurash va iqlim o’zgarishi mummolarini bartaraf etish kabi umumiy manfaatlar kesishadigan sohalarda hamkorlikda ishlashga chaqirdi.
Uchrashuvda ishtirok etgan milliy xavfsizlik bo’yicha AQSh prezidenti maslahatchisi Jeyk Sallivanning ta’kidlashicha, har ikki lider ham AQSh-Xitoy munosabatlarining istiqboli borasida to’liq mas’uliyatni his qilgan holda muzokara olib borgan.
Prezidentlar aytayotgan har bir so’zi, amalga tatbiq etishga urinayotgan tartib-qoidalari va ko’tarayotgan masalalari bo’yicha mas’uliyatni o’z zimmasiga olgan holda muloqot qilgan.
Sallivanning bildirishicha, Prezident Bayden AQSh o’z ittifoqchilari va umumiy demokratik qadriyatlarga ega hamkorlari bilan birgalikda g’oya va qarashlar yo’lida kurashishini ochiq bayon qilgan. Bu kurash Xitoyga qarshi qaratilmagani, aksincha, erkin, ochiq va adolatli xalqaro tizimni saqlab qolishga doir ijobiy qarashlarni nazarda tutishini aytgan.