Accessibility links

Breaking News

AQSh Rossiya agressiyasiga qarshi


Ukraina chegarasi yaqinida joylashgan Rossiya kuchlarining sun'iy yo'ldosh orqali qo'lga kiritilgan surati. 1-noyabr, 2021.
Ukraina chegarasi yaqinida joylashgan Rossiya kuchlarining sun'iy yo'ldosh orqali qo'lga kiritilgan surati. 1-noyabr, 2021.

AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola

AQSh Ukraina chegaralari bo’ylab Rossiya kuchlarining ortib borayotganiga doir xabarlar hamda Moskvanining Kiyevga qarshi bosim qo’llayotganidan jiddiy xavotirda. Oq uy matbuot kotibi Jen Psakining ta’kidlashicha, Vashington Rossiyani vaziyatni yumshatishga chaqirmoqda.

“Moskvaning rejalariga doir aniq ma’lumotga ega emasmiz, biroq bizga qator ehtimoliy ssenariylar ma’lum. Xavotirimiz shundan iboratki, Rossiya 2014-yilda chegaraga qo’shin yo’llab, Ukraina suveren hududini egallab, bu xatti-harakatlarini provakatsiya natijasi o’laroq e’lon qilgan xatosini yana bir bor takrorlashi mumkin”, - dedi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kulebaning noyabr oyida Vashingtonga tashrifi chog’ida.

AQSh bosh diplomatining ta’kidlashicha, Vashington Ukraina suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo’llab-quvvatlash ahdida qat’iy.

Rossiyaning Ukraina chegarasi bo’ylab favqulodda agressiv harbiy faolligi tufayli AQSh Yevropadagi ittifoqchilari va hamkorlari, jumladan, Ukraina bilan ham qalin aloqa o’rnatgan. Favqulodda holatlarga shay turish uchun axborot va razvedka ma’lumotlari almashinuvini yo’lga qo’ygan.

AQSh qo’shma harbiy shtabi raisi general Mark Milli yaqinda rossiyalik hamkasbi bilan telefon orqali muloqot qildi. Pentagonning ma’lum qilishicha, suhbat chog’ida “xavotirlarga sabab bo’layotgan xavfsizlik masalalari” muhokama qilingan. Muloqot “tahdidni kamaytirish va konfliktni nazorat qilishga doir muzokaralarning davomi” sifatida qayd etilgan.

Matbuot xodimlari bilan uchrashuvda AQSh Davlat departamenti rasmiy vakili Ned Praysning ta’kidlashicha, Vashington “Rossiva-Ukraina chegarasidagi joriy holat, 2014-yil voqealari fonida Rossiyaning favqulodda harbiy shayligi ortib borayotganiga doir xabarlar yuzasidan xavotirda ekanini oshkora e’lon qilmoqda”.

“Biz shunday bayonot bilan qat’iy sobitqadam pozitsiyamizni nafaqat Ukrainaga, balki Rossiyaga ham bildirib qo’ymoqchimiz”, - dedi Prays qo’shimcha qilib.

Matbuot kotibining ma’lum qilishicha, AQSh birgina joriy yilning o’zida Ukraina suverenitetini mustahkamlash maqsadida harbiy sohada 400 million dollarlik yordam ko’rsatgan.

“Amaldagi ma’muriyat faoliyatining dastlabki davridan boshlab Rossiyaning zulmkor faoliyatiga qarshi qator vositalarni ishga solishga qodir va tayyor ekanimizni namoyish etib kelayapmiz. Zarurat tug’ilsa, bu vositalardan hech ikkilanmay foydalanishga tayyormiz”, - dedi Prays.

“Ayni damda diplomatik yechim uchun harakatdamiz. Vaziyat o’zgarishidan kelib chiqib, munosabatimiz, ehtimol, taktikamizni ham o’zgartiramiz”, - dedi u.

XS
SM
MD
LG