AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola
“AQSh Rossiya tarkibidagi Checheniston Respublikasi rahbariyati tomonidan fuqarolarni asossiz hibsga olish va qamash holatlari davom etayotganidan jiddiy xavotirda. O’nlab shunday ishlar so’nggi haftalarda ham qayd etilgani ma’lum qilinmoqda”, - deyiladi AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Praysning yozma bayonotida.
Chechenistonda nishonga olinayotgan shaxslarning aksariyati inson huquqlari faollari va dissidentlarning yaqinlaridir.
Praysning ta’kidlashicha, asossiz qamoqqa olish holatlari Checheniston hududi bilan chegaralanib qolmagan.
“Rossiya Federatsiyasining turli hududlarida ham qator shaxslar qo’lga olinib, Chechenistonga majburan yetkazilgan holatlar ko’p bo’lgan”, - deydi u.
Xususan, yaqinda chechenistonlik yurist Abubakir Yangulbayevning onasi Zarema Musayevaning qamoqqa olinishi bunga yorqin misol. Rossiya markazida 20-yanvar kuni Nijniy Novgoroddagi uyidan olib ketilgan Musayeva Chechenistonda qamoqqa tashlangan. Xalqaro amnistiya tashkiloti uning hibsga olinishini qonunlarni oyoqosti qilish deb baholadi.
Yaqinda Checheniston rahbariyati Yangulbayevlar oilasiga tahdidiy bayonotlar bilan chiqdi. Xususan, 1-fevral kuni tarqalgan video murojaatda, Checheniston yetakchisi Ramzan Qodirov ushbu oilaga nafratini bildirdi, boshqa mamlakatlardan oilaning xorijda yashayotgan a’zolarini Rossiyaga qaytarishni talab qildi.
Shu kuni davlat Dumasining chechenistonlik deputati Adam Delimxanov shov-shuvli bayonot bilan chiqib, Yangulbayevlar oilasi vakillarining boshini olishga va’da berdi.
Ned Praysning ta’kidlashicha, Checheniston tomonidan dissidentlarning xorijdagi oila a’zolariga bunday bosim qo’llash taktikasi repressiya siyosatining vahshiy formasidir.
Qodirov Chechenistonda uzoq yillardan buyon dissidentlar, diniy va etnik guruh vakillari, LGBT qatlamiga qarshi zulm qo’llash kampaniyasini yuritmoqda. AQSh Davlat departamentining so’nggi hisobotida qayd etilishicha, Chechenistonda hukumat tomonidan amalga oshirilgan jinoyatlar sud hukmisiz qatl etish hamda noan’anaviy jinsiy orientatsiyaga ega shaxslarni ommaviy qiynoqqa tortish, boshqa mamlakatlardan turib davlat siyosatini qoralagan shaxslarni sud hukmisiz o’ldirish, Shimoliy Kavkazda Qodirovning tanqidchilari bo’lgan siyosiy faollar va boshqalarni qonunga zid ravishda hibsga olish va qiynoq qo’llash holatlari bilan bog’liq.
Praysning aytishicha, AQSh Chechenistonda repressiv xatti-harakatlarning, jumladan, transmilliy masshtabdagi zulm siyosatining oldini olishga, bunday kampaniyani yuritayotgan shaxslarni federatsiya qonunlari hamda Rossiyaning xalqaro huquq shartnomalarida zimmasiga olgan majburiyatlari asosida javobgarlikka tortishga chaqiradi.