Accessibility links

Breaking News

AQSh Prezidentlar kunini nishonlamoqda


AQSh rahbari Jo Bayden mamlakatning "avvalgi prezidentlari" bilan Mustaqillik kunida. Oq uy, 4-iyul, 2021.
AQSh rahbari Jo Bayden mamlakatning "avvalgi prezidentlari" bilan Mustaqillik kunida. Oq uy, 4-iyul, 2021.

AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola

Ushbu kun dastavval mamlakatning birinchi prezidenti Jorj Vashington shaxsiga ehtirom sifatida belgilangan.

22-fevral kuni tavallud topgan Vashingtonning o’limidan bir yil o’tgach, 1800-yildan boshlab fuqarolar ushbu sanani norasmiy tarzda nishonlay boshlagan. Oradan yillar o’tib, bu kun 12-fevral kuni - Vashington tug’ilgan sanaga yaqin vaqtda tavallud topgan yana bir buyuk prezident Avraam Linkoln shaxsi bilan ham bog’langan.

Jorj Vashington va Avraam Linkoln qariyb butun dunyoda eng matonatli prezidentlar sifatida e’tirof etiladi. Har ikki lider mamlakatni yanada mustahkam, istiqbolli va demokratik yo’lga boshlagan zalvorli qarorlar qabul qilgan, vatan taraqqiyotiga ulkan hissa qo’shgan.

Vashington o’z davrining eng nufuzli shaxslaridan edi. U bir ovozdan saylangan yagona prezident sifatida tarixga kirdi: barcha shtatlar vakillari Vashington foydasiga ovoz bergan.

Rahbarlikni qabul qilib olar ekan, unga namuna bo’ladigan avvalgi prezident ham, hukumat ham yo’q edi.

Ana shu davrda dunyo bo’ylab demokratik rejim amal qilgan biror davlat ham bo’lmagan. Shunga qaramay, Vashington har bir shaxs dunyoning har qanday nuqtasida teng huquqli ekaniga doir g’oyani ilgari surdi va shu yo’ldagi kurash uchun zamin yaratdi. U mamlakat konstitutsiyasini tuzish va uning ijrosini ta’minlash borasida eng muhim figuralardan bo’ldi. Qomus inson huquqlarini ta’minlaydigan hukumat tuzish tamoyillari va mexanizmini joriy qilishga xizmat qildi.

Vashington o’z harakatlari bilan siyosiy va harbiy soha hamda iqtisodiy siyosat prinsiplarini yaratdi. Rahbarlikning ikkinchi muddatidan so’ng lavozimidan ketgan lider prezidentlik umrbod egallanadigan lavozim emasligi, hokimiyat navbatdagi rahbarga tinch yo’l bilan topshirilishi kerakligi borasida namunaviy meros qoldirdi.

O’z navbatida, Avraam Linkoln ham beqarorlik ichidagi mamlakatni oqilona boshqardi. Vashington yangi davlatni barpo etishni o’z zimmasiga olgan bo’lsa, Linkoln mamlakatni Fuqarolar urushidan omon olib o’tish, uning parchalanib ketishiga yo’l qo’ymaslik, davlatni urushdan avvalgi davrga nisbatan yanada mustahkam taraqqiyot va birdamlik yo’liga boshlashni uddaladi.

Linkoln joriy etgan yangi mezonlar asosida zaif shtatlar federatsiyasini boshqarishga urinayotgan zaif markaziy hokimiyat qudratli boshqaruv mexanizmiga ega federal hukumat nazoratidagi shtatlarning haqiqiy ittiffoqiga aylandi.

Hozirda Prezidentlar kuni AQShda mamlakatni boshqargan barcha liderlarga bag’ishlangan. Biroq boshqa prezidentlar ta’sir kuchi va nufuzi nuqtai nazaridan Vashington va Linkoln darajasiga yeta olmagan.

XS
SM
MD
LG