Accessibility links

Breaking News

Kreml urush haqiqatini yashirishga urinmoqda


Ukrainada bombardimon qilingan Mariupol. 12-mart, 2022.
Ukrainada bombardimon qilingan Mariupol. 12-mart, 2022.

Rossiya hukumatining propaganda mashinasi mamlakat fuqarolaridan Vladimir Putin Ukrainaga qarshi boshlagan asossiz va mantiqsiz urushning asl mohiyati va masshtablarini yashirishga butun kuchi bilan harakat qilmoqda.

Rossiya bosqinidan bir necha kun avval davlat ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va agentliklar Rossiya harbiylari Ukraina hududiga kirishi, qo’shni mamlakatni qurolsizlantirishi va denatsifikatsiya qilishi zarurligiga doir yolg’on xabarlarni tarqata boshladi. Shu tariqa, Rossiya xalqini Ukrainaga qarshi urush adolatli qadam bo’lishiga ishontirishga urindi.

Bosqin boshlangan 24-fevral sanasidan buyon Rossiya hukumati fuqarolarning Ukrainadagi asl haqiqatni bilishiga to’sqinlik qilish uchun barcha imkoniyatlarini ishga soldi. “Urush” so’zini ishlatishni taqiqladi.

“Kreml OAV erkinligi va haqiqatga qarshi keng qamrovli kurash olib bormoqda. Moskvaning vahshiy bosqiniga doir haqiqatni yashirish va yolg’on axborot tarqatishga doir urinishlari yanada faollashmoqda”, - deya bayonot berdi AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays.

1-mart kuniRossiya Bosh prokuraturasi OAV va kommunikatsiyalar senzurasiga mas’ul “Roskomnadzor” agentligiga aholi o’rtasida nufuzga ega mustaqil kanallar – “Exo Moskvi” va “Dojd” faoliyatini to’xtatish, saytlarini bloklash to’g’risida buyruq berdi.

Rossiya Federatsiyasi kengashi Rossiya harbiy operatsiyalariga doir “yolg’on” xabar tarqatganlik uchun 15 yilgacha qamoq jazosini belgilash to’g’risidagi qonunni qabul qildi.

“Rossiya hukumati, shuningdek, “Twitter”, “Facebook” va “Instagram” platformalaridan foydalanishni cheklab, o’n millionlab fuqarolarning mustaqil axborot va qarashlar bilan tanishishiga qarshilik qilmoqda. Ularning tashqi olam bilan aloqada bo’lishiga imkon bermayapti. Bu Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga doir haqiqatni rossiyaliklar dunyoning turli nuqtalarida qanday izohlayotgani va vatandoshlarning o’zaro fikr almashinuviga qarshi qaratilgan harakatdir”, - dedi Prays.

“Urushni Rossiya xalqi tanlagani yo’q. Bu Putinning tanlovi. Xalq yo’qotishlar, Ukrainadagi zulm va talafotlar haqida bilishga haqli”, - deydi matbuot kotibi.

“Rossiya xalqi, shuningdek, bu asossiz urushda jon bergan qurbonlar haqida bilishga ham haqli. Biz Putin va uning hukumatini xalqaro va Rossiya qonunlariga amal qilishga, qon to’kilishini zudlik bilan to’xtatishga, Ukrainadan o’z qo’shinlarini olib chiqib ketishga, inson huquqlari hamda fuqarolarning asosiy erkinliklarini hurmat qilishga chaqiramiz”, - deyiladi Prays bayonotida.

XS
SM
MD
LG