Jahon oziq-ovqat yo’nalishidagi mukofotlar qo’mitasi joriy yil g’olibini e’lon qildi. Ushbu nufuzli mukofotga NASA tashkilotining Goddard nomidagi Koinotni o’rganish institutining iqlim o’zgarishi bo’yicha katta tadqiqotchi olimi Sintiya Rozensveyg loyiq topildi.
“Qishloq xo’jaligi va oziq-ovqat bo’yicha Nobel mukofoti” sifatida bilinadigan bu rag’bat dunyoda oziq-ovqat sifati, hajmi va ta’minotini oshirish bilan insoniyatga xizmati singgan shaxslarni xalqaro miqyosda e’tirof etadi.
Doktor Rozensveyg 40 yil mobaynida iqlim o’zgarishi va oziq-ovqat tizimlarining o’zaro biofizik va ijtimoiy-iqtisodiy ta’siri borasidagi tushunchamizni kengaytirdi, bu trendni oldindan aniqlash metodlarini takomillashtirdi, dedi qo’mita prezidenti Barbara Stinson taqdimot marosimida so’zlar ekan.
“Olimning hamkorlikdagi tadqiqot ishida keltirilgan ilmiy dalillar iqlim o’zgarishini yumshatish va unga moslashishga intilayotgan 90 dan ziyod mamlakatlarda minglab mas’ul shaxslar tomonidan qo’llanilmoqda. Nomzod ishi aniq raqamlarga tayangan strategiya iqlim o’zgarishi oqibatlarini bartaraf etish, shuning bilan birga, barqaror oziq-ovqat ta’minotini izga solish imkoniyatini yaratishini ko’rsatadi”, - dedi Stinson.
“Doktor Rozensveyg shaxsida global ocharchilik va iqlim inqirozining o’zaro kesishgan muammolariga qarshi turish va qishloq xo'jaligida ushbu muammolarni hal qilishda mazmunli yechim topish uchun zarur bo'lgan yetakchilik, innovatsiya va tajriba mujassam”, dedi qishloq xo'jaligi vaziri Tom Vilsak.
“Olim 40 yillik ilmiy faoliyati davomida bu qadar tez o’zgarib borayotgan iqlim oziq-ovqat sanoatiga qanday ta’sir qilishiga oydinlik kiritdi, oqibatlarni bashorat qilishga doir modellashtirish bo’yicha old safda harakatlandi”, - dedi vazir.
2022-yilda biz oziq-ovqat xavsizligi borasida og’ir vaziyat bilan yuzma-yuz turibmiz. Albatta, bu boradagi eng yirik tahdidlardan biri iqlim o’zgarishidir, dedi AQSh davlat kotibining Iqtisodiy o’sish, energetika va tabiat bo’yicha o’rinbosari Xose Fernandes.
“Doktor Rozensveyg iqlim o’zgarishing oziq-ovqat sanoatiga qanday ta’sir ko’rsatishini birinchilardan bo’lib hujjatlashtirgan olimlardan. Uning tadqiqotlari asosida ko’tarilib borayotgan harorat, keskin ob-havo va karbonat angidrid oziq-ovqat yetishtirish va uning sifatiga qanday ta’sir ko’rsatishini aniqroq bashorat qilishimiz mumkin”, - dedi Fernandes.
“Doktorni olijanob va munosib sharaf bilan yakunlangan ushbu ajoyib muvaffaqiyat bilan tabriklayman. Bu hozirgi va kelajak avlodlardan sizga minnatdorchilik ifodasi”, - dedi qishloq xo’jaligi vaziri.