AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola
Ozod va demokratik jamiyat qudratli, erkin va mustaqil matbuotsiz yashay olmaydi. Chunki jurnalistlar demokratik institutlarni zaiflashtiradigan va yo’qqa chiqaradigan hukumat aldovlari va korrupsiyani samarali va izchil fosh qilib boradi. Shu tariqa, hukumat va amaldorlarni halol ishlashga majburlaydi.
Axborot oqimini nazorat qilish, o’z manfaatlariga zid va tanqidiy xabarlarni yo’q qilish uchun mansabdor shaxslar, avtoritar liderlar yoki hukumatlarning norasmiy vakillari mustaqil media ovozini bo’g’ishga qaratilgan keng qamrovli, ko’pincha, yovuz kampaniyalarni ishga soladi. Xususan, jurnalistlar, muharrirlar, nashrlar va ommaviy axborot vositalarining boshqa xodimlari ta’qib ostiga olinadi, soxta ayblovlar bilan qoralanadi, hibsga olinadi, ularga qarshi jismoniy kuch ishlatiladi, hatto qatl etiladi.
“Chegarasiz muxbirlar” tashkiloti e’lon qilgan ma’lumotlarga ko’ra, so’nggi o’n yillikda dunyo bo’ylab qariyb 1100 nafar jurnalist qatl qilingan. Joriy yil boshidan buyon 26 nafar jurnalist va ikki nafar OAV xodimlari o’ldirilgan. 460 nafar jurnalist va 18 nafar media ishchilari hibsga olingan.
"Qo'shma Shtatlar dunyoning ko'plab joylarida jurnalistlarning maqsadli ta'qib qilinishidan chuqur xavotirda", - dedi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqtisodiy va ijtimoiy kengashidagi AQSh vakili Liza Karti.
Bu yil Rossiyada va Ukrainaning Rossiya nazorati ostidagi hududlarida jurnalistlar uchun xavfsizlik va mehnat sharoitlari ayniqsa muammoli kechmoqda.
“Rossiyaning Ukrainaga qarshi asossiz urushini yoritish chogʻida kamida yetti nafar jurnalist halok boʻldi. Xabar qilinishicha, Ukrainaning Rossiya nazorati ostidagi hududlarida yana kamida 21 nafar jurnalist nohaq hibsga olingan. Ularning aksariyatining taqdiri noma’lumligicha qolmoqda. Bu raqamlar aysbergning faqat uchi bo'lishi mumkin. Joriy holat Rossiya hukumatining o'z urushi haqida haqiqatni oshkor qilishdan naqadar qo'rqishini tasdiqlaydi”, - deya ta’kidladi Karti.
BMT Xavsizlik Kengashining jurnalistlarni himoya qilish bo’yicha yig’ilishida so’zlar ekan, elchi Karti dunyo bo’ylab jurnalistlarga qarshi amalga oshirilayotgan tahdidlarda ayollar o’zlarining erkak hamkasblariga nisbatan ko’proq nishonga olinayotgani, bu tahdidlar genderlar tengsizligi va jinsiy asosga ega ekani hamda onlayn tahdidlar tobora ortib borayotganiga urg’u berdi.
"Qo'shma Shtatlar jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari xodimlariga nisbatan har qanday tahdid, ta'qib va zo'ravonlikni qoralaydi. Erkin va mustaqil ommaviy axborot vositalari demokratiya uchun zarur boʻlib, erkin axborot va gʻoyalar almashinuvi, korrupsiyaga qarshi kurashish, hukumatning hisobdorligi va shaffofligini oshirishda muhim rol oʻynaydi. Hech bir jurnalist oʻz vazifasini bajargani uchun taʼqib, tahdid yoki zoʻravonlikka duch kelmasligi kerak”, - dedi diplomat.