Accessibility links

Breaking News

AQShning Qoraqalpog’iston voqealariga munosabati


Nukus, Qoraqalpog'iston, 1-iyul, 2022 (Makan.uz)
Nukus, Qoraqalpog'iston, 1-iyul, 2022 (Makan.uz)

AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola

O’zbekiston hukumati e’lon qilgan rasmiy bayonotga ko’ra, Qoraqalpog’iston avtonomiyasida minglab namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari o’rtasida kechgan to’qnashuvlarda kamida 18 kishi halok bo’ldi, 243 kishi yaralandi.

Norozilik namoyishining avj olishiga O’zbekiston Konstitutsiyasiga Qoraqalpog’iston Respublikasining mustaqillik e’lon qilish huquqini bekor qilishga doir tuzatish kiritish taklifi sabab bo’ldi. To’qnashuvlar ortidan Prezident Shavkat Mirziyoyev ana shu bahsli taklif bo’yicha harakatlarni to’xtatdi.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays
AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays

“AQSh hukumati Qoraqalpog’istonda kechgan voqealardan xavotirda va barcha tomonlarni ushbu tanglikni tinch yo’l bilan hal etishga hamda kuch ishlatishdan tiyilishga chaqiradi. Biz to’qnashuvlarda halok bo’lganlarning oilalariga ta’ziyamizni izhor etamiz. Yaralanganlarga hamdardlik bildiramiz”, - deya bayonot berdi AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays.

Aholisi turkiy tilda so’zlashadigan Qoraqalpog’iston yaqin o’tmishda hozirgi O’zbekiston tarkibidagi avtonom hudud bo’lgan. 1991-yilda Sovet ittifoqidan o’z mustaqilligini e’lon qilgan. Oradan bir yil o’tib, o’z avtonomiyasini saqlab qolish sharti bilan O’zbekiston tarkibiga qayta qo’shilgan.

“Biz hukumatni O’zbekiston o’zi imzolagan xalqaro majburiyatlar asosida fundamental huquqlarni, xususan, tinch maqsadlarda uyushmalarga qo’shilish va erkin fikr bildirish huquqlarini himoya qilishga chaqiramiz”, - dedi Prays.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Mishel Bachelet "odamlar o'z huquqlaridan foydalanganliklari uchun jinoiy javobgarlikka tortilmasligi kerak", deya ta'kidladi. Bundan tashqari, hibsga olinganlarning barchasi zudlik bilan qonuniy vakil, qonunlarga muvofiq so’rov va adolatli sudlovdan foydalanish imkoniyatiga ega bo'lishi kerakligiga urg’u berdi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Mishel Bachelet
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Mishel Bachelet

“O‘zbekiston imzolagan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga ko‘ra, har bir inson o‘z fikrini bildirish, tinch maqsadlarda uyushish va davlat ishlarida ishtirok etish huquqiga ega”, - dedi Bachelet.

AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Prays O’zbekiston hukumatini “kuch ishlatilishi holatlari bo‘yicha xalqaro me’yorlar va ilg‘or tajribalarga mos keladigan, to‘liq, ishonchli va shaffof tergov” olib borishga chaqirdi. Shuning bilan birga, Amerika Qoʻshma Shtatlari Oʻzbekiston suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini uzoq yillar davomida qoʻllab-quvvatlab kelayotganiga urg’u berdi.

XS
SM
MD
LG