Accessibility links

Breaking News

AQShning korrupsiyaga qarshi kurash strategiyasi


AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola

Prezidentlik faoliyatining ilk davridanoq Jo Bayden korrupsiyaga qarshi kurash ham global maydonda, ham mahalliy miqyosda AQShning milliy xavfsizlikka doir asosiy manfaatlaridan biri hamda tashqi siyosatning ustuvor yo’nalishi bo’lishini aniq va ravshan ta’kidlagan edi.

Darhaqiqat, korrupsiya xalq ishonchini toptaydi, taraqqiyot yo’lida to’siq bo’ladi, demokratik institutlar nufuzini tushiradi va iqtisodiy o’sishga halaqit qiladi. Natijada, fuqarolar narx-navo oshishi, davlat sektoriga investitsiyalarning qisqarishi hamda atrof-muhit holatining yomonlashishidan jabr chekadi.

Aynan shuning uchun ham, Oq uy AQSh tarixida ilk bor korrupsiyaga qarshi strategiyani ishlab chiqdi. Undan AQShning korrupsiyaga qarshi kurash hamda korrupsiyaga aloqador jinoyatlar bo’yicha dasturi o’rin olgan.

Integratsiyalashuvni nazorat qilish hamda AQSh diplomatiyasining barcha aspektlari va ichki muhitda korrupsiyaga qarshi kurashga ko’maklashish maqsadida Prezident Bayden Richard Nefyuni Davlat departamentining global korrupsiyaga qarshi kurash bo’yicha koordinatori etib tayinladi.

Richard Nefyu
Richard Nefyu

Joriy yilning 25-avgustida o’tgan matbuot brifingida so’zlar ekan, koordinator Nefyu AQSh strategiyasi bir-birini to’ldiradigan besh tamoyilga asoslanganini ta’kidladi.

“Birinchi – AQSh hukumatining korrupsiyaga barham berishga doir tashabbuslarini modernizatsiya qilish, muvofiqlashtirish hamda zarur resurslar bilan ta’minlash. Ikkinchi – noqonuniy moliyalashga barham berish. Uchinchi – korrupsiyani amalga oshirgan jinoyatchilarni javobgarlikka tortish. To’rtinchi – korrupsiyaga qarshi ko’p tomonlama arxitekturani saqlash va mustahkamlash. Beshinchi – korrupsiyaga qarshi siyosat maqsadlariga erishish maqsadida diplomatik hamkorlikni takomillashtirish hamda xorijiy yordam resurslaridan foydalanish”, - deya ta’kidladi Nefyu.

Korrupsiyaga qarshi strategiyani amalga tatbiq qilish alohida e’tibor talab qiladigan qator ustuvor yo’nalishlardan iborat.

“Birinchidan, biz korrupsiyaga qarshi faoliyatimizga yanada kengroq yondashuvni ishlab chiqayapmiz”, - deydi koordinator.

“Haqiqiy progress qator islohotlar hamda barcha tomonlarning natijaga erishish uchun muayyan vaziyatlar va muayyan davlatlarda ish berayotgan tamoyillarni idrok etishga asoslangan irodali xatti-harakatlarini talab qiladi. Ikkinchidan, biz korrupsiyaga qarshi kurash hamjamiyatining faoliyatini jadallashtirish hamda shu yo’ldagi majburiyatlarni ado etish bo’yicha hamkorlikni yo’lga qo’yish ustida ishlayapmiz. Uchinchidan, AQSh korrupsiyaga qarshi kurash bo’yicha yetakchilik qilishda davom etadi hamda allaqachon shu maqsadga ahd qilgan davlatlar va tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlaydi”, - dedi Nefyu.

To’rtinchidan, AQSh o’z ilg’or metodlari barcha talablarga javob berishini ta’minlash uchun ichki qoidalar va qonunchilikni kuchaytirishga doir choralar ko’radi.

“Korrupsiyaga qarshi sehrli kuchga ega vositaning o’zi yo’q. Bu illat barchamizning muammomiz va unga birgalikda barham berishimiz lozim”, - dedi rasmiy.


XS
SM
MD
LG