AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola
AQSh hukumati 14-noyabr sanasidan boshlab yangi veb-sahifani ishga tushirdi: Ushbu platforma AQShda istiqomat qilayotgan afg’on qochqinlarining oila a’zolari bilan birlashishiga doir ko’rsatma va tegishli ma’lumotlar beradi.
Quyidagi veb-sahifa orqali Qo’shma shtatlardagi afg’onistonliklar vatanida yoki dunyoning boshqa mamlakatlarida qolgan yaqin qarindoshlarini okean ortiga olib kelishi uchun to’ldirilishi kerak bo’ladigan formalar va batafsil ma’lumotlarga ega bo’lishi mumkin: https://www.state.gov/afghanistan-family-reunification/
AQSh kuchlari Afg’onistonni 2021-yilning avgustida to’liq tark etgan. AQSh o’z qurolli kuchlari hamda mamlakatning Kobuldagi elchixonasida xizmat qilgan afg’onistonliklarning aksariyatini evakuatsiya qilgan.
Biroq evakuatsiya jarayonida yuzaga kelgan og’ir vaziyat tufayli ayrim afg’onistonliklarning oila a’zolari vatanida qolib ketgan. Shuning uchun ham, Vashington bu oilalarni qayta birlashtirishga harakat qilmoqda.
Yangi markazlashgan veb-sahifa oila a’zolari Afg’onistonda bo’lgan AQSh fuqarolari, siyosiy boshpana uchun murojaat qilganlar va AQSh hududida yashayotgan boshqa afg’onistonliklarga oila a’zolari bilan birlashish jarayoniga doir barcha zarur ma’lumotlarni taqdim etadi. Sahifada, xususan, murojaat etuvchilarning maqomidan kelib chiqib qanday huquqlarga ega ekani, zarur hujjatlar ro’yxati, tegishli formalarga havolalar taqdim etilgan.
AQSh hukumati afg’on xalqiga bergan va’dalariga amal qilgan holda, o’z oila a’zolari bilan birlashish istagidagi shaxslarga har tomonlama ko’mak beradi va ularni qo’llab-quvvatlaydi.