Konfutsiy institutlari Xitoy propagandasi bilan shug'ullanmoqda

AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola

AQSh hukumati yuqori sinf o’quvchilari va universitet talabalarini xitoy tili va madaniyatini o’rgatishni taklif etayotgan Konfutsiy markazlari nayrangidan himoya qilishga urinmoqda. Davlat departamenti Konfutsiy institutining AQShdagi makazini Xitoy Xalq Respublikasining g’arazli manfaatlariga xizmat qiladigan xorijiy missiya deb e’lon qildi.

“Konfutsiy instituti Pekinning global propagandasi va AQSh yoshlariga mafkuraviy ta’sir ko’rsatish bilan shug’ullanadigan tashkilot” deyiladi departament bayonotida.

Konfutsiy institutlari faoliyatini asosan Xitoy hukumati moliyalaydi. Institut markazlari Xitoy Kommunistik partiyasining global ta’sirga ega propaganda mashinasi sanaladi.

Davlat departamentining bayonoti Konfutsiy institutlarining AQShdagi markazi va uning mamlakat universitetlaridagi bo’limlarini yopishni nazarda tutmaydi. Aksincha, Konfutsiy institutiga, boshqa xorijiy missiyalar qatorida, Xitoy fuqaroligiga ega xodimlar, ishga yollash jarayoni, moliya manbalari va mamlakatdagi faoliyati yuzasidan AQSh hukumatiga hisobot berish majburiyati yuklanadi. Missiya faoliyatining shaffof va oshkora bo’lishi talab etiladi. Ana shu hisobotlar asosida o’quv maskanlari Pekin quvvatloviga ega institut faoliyatini to’xtatish yoki davom ettirish masalasini o’zi hal qiladi.

Tadqiqotchilar Milliy assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko’ra, ayni damda AQShda 75 ta Konfutsiy institutlari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, bitiruvchi sinflar uchun 500 ga yaqin Konfutsiy xonalari mavjud. Ularning aksariyati universitetlardagi Konfutsiy institutlariga biriktirilgan.

Xitoy hukumati va Kommunistik partiyasi mafkurasining Konfutsiy institutlari dasturiga ta’siri uzoq vaqtdan buyon e’tirozlarga sabab bo’lgan. Xususan, Tadqiqotchilar Milliy assotsiatsiyasining Konfutsiy institutlari bo’yicha 2017-yilgi hisobotini misol qilish mumkin. Hujjatda ta’kidlanishicha, institut xodimlariga senzuraviy bosim qo’llanilgan. Konfutsiy institutlari va universitetlar o’rtasidagi bitimlarning aksariyati oshkor etilmagan. Ayrim universitetlarga Xitoy Xalq Respublikasini tanqid qilmaslik evaziga moliyaviy ko’mak taklif etilgan. Institutning Xitoy tarixi bo’yicha dasturi inson huquqlarini toptash hollarini chetlab o’tgan holda noxolis tanlab olingan mavzulardan iborat.

“Uzoq yillardir Pekin AQShda hech qanday to’siqlarsiz erkin faoliyat yuritdi. Amerika jamiyati Xitoy uchun hamisha ochiq bo’ldi. Biroq Xitoyda AQSh va boshqa mamlakatlar uchun teng sharoitlar yaratib berilgan emas. Munosabatlarda muvozanat keskin buzilgan. Maqsadimiz Xitoy hukumatiga shaffoflik, ochiqlik va oshkoralikning naqadar muhim ekanini tushuntirish. Biroq Pekin buni anglab yetganiga qadar biz o’zimizni himoyalash choralarini qo’llashda davom etaveramiz”, - deydi AQSh Davlat kotibining Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo’yicha yordamchisi Devid Stilvel.