Oq uyda sun'iy intellektning ulkan afzalliklarini rivojlantirish va uning birdek katta xavf-xatarlarini kamaytirishga qaratilgan farmonni imzolagan Prezident Jo Bayden "Biz bu texnologiyani boshqarishimiz kerak", dedi.
Qonun kuchiga ega bo'lgan ijroiya buyrug'i sun’iy intellektning xavfsizligi va ishonchli rivojlanishi uchun yangi standartlarni belgilab beradi. Bu shuni anglatadiki, dedi Prezident Bayden, "kompaniyalar ulardan foydalanishga ruxsat berishdan oldin eng kuchli tizimlari xavfsiz ekanligini isbotlashlari kerak".
“Bu degani, kompaniyalar hukumatga oʻzlari ishlab chiqayotgan keng koʻlamli sunʼiy intellekt tizimlari haqida maʼlumot berishlari va Amerika xalqi uchun milliy manfaatlar yoki xavfsizlikka xavf tugʻdirmasligini isbotlash uchun qatʼiy mustaqil sinov natijalarini baham koʻrishlari kerak. Men Energetika vazirligiga sun’iy intellekt tizimlari bir vaqtning o'zida kimyoviy, biologik yoki yadroviy xavf tug'dirmasligiga ishonch hosil qilishlarini buyuraman”, - dedi Bayden.
Ikkinchidan, firibgarlik holatlaridan himoya qilish uchun ijroiya qarori AQSh Savdo vazirligiga kontentning sun'iy intellekt tomonidan yaratilganligini aniq ko’rsatib turuvchi belgini ishlab chiqish majburiyatini yuklaydi.
Your browser doesn’t support HTML5
"Shu yo’l bilan siz bu haqiqatmi yoki yo'qligini aniqlashingiz mumkin bo’ladi. Ishonch muhim", - dedi prezident Bayden.
Uchinchidan, farmon shaxsning maxfiyligini yaxshiroq himoya qilish uchun shaxsiy ma'lumotlarning yangi himoyasini ishlab chiqishga yordam beradi. Buyruq, shuningdek, sun'iy intellekt algoritmlari ishga yollash, turar-joy olish yoki adliya tizimida kamsitishlarga yo'l qo'ymasligini ta'minlash bo'yicha harakatlar ishlab chiqishni ham talab qiladi.
To'rtinchidan, ijroiya qarori federal hukumatga sun’iy intellekt tufayli mehnat bozoridagi buzilishdan jabrlangan ishchilarni qo'llab-quvvatlash yo'llarini ko’rib chiqishni topshiradi. Shuningdek, sog'liqni saqlash hamda arzon va inson hayotini saqlovchi dori-darmonlarni ishlab chiqarishda sun’iy intellektdan mas'uliyat bilan foydalanishni so’raydi.
"Eng so’nggisi, - dedi Prezident Bayden. - "Biz Amerika innovatsiyalar bo'yicha dunyoda yetakchilik qilishiga va eng ilg'or iste'dodlarni jalb qilishiga ishonch hosil qilamiz".
“Intellektning qiyinchiliklari va imkoniyatlari global boʻlgani uchun biz Amerika yetakchiligini global miqyosda olgʻa siljitishda davom etamiz. Biz ittifoqchilar va hamkorlar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va “Katta Yettilik” bilan yaqindan ishlashda davom etamiz. “Katta Yettilik” yaqinda sun’iy intellekt taraqqiyotini xavfsiz boshqarish bo’yicha birinchi xalqaro xulq-atvor kodeksini ishlab chiqdi”, - dedi AQSh rahbari.
“Sun’iy intellekt inson imkoniyatlari chegarasini kengaytirar ekan va inson tushunchasi chegaralarini sinovdan o‘tkazar ekan, – dedi Prezident Bayden, – bu farmon biz tarafdori bo’lgan muhim masalalarni - xavfsizlik, ishonch ochiqligi, Amerikaning yetakchiligi va Yaratuvchimiz tomonidan berilgan va hech kim inkor eta olmaydigan huquqlarni o’z ichiga oladi”, - dedi Bayden.