Blinken: Oxirgi to'rt yil ichida NATOni kuchaytirdik

NATOning 75 yillik yubiley anjumani, Vashington, AQSh, 2024-yil, 9-iyul

Yaqinda Bryusseldagi NATO tashqi ishlar vazirlari yig'ilishida so'zga chiqqan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken so'nggi to'rt yil ichida "alyans o'n yillar davomida ko'rilmagan eng muhim islohotlar va mustahkamlanishni amalga oshirganini" ta'kidladi.

"NATO bugun yanada kattaroq, kuchliroq va oldinda turgan muammolarga qarshi kurashish uchun yaxshiroq jihozlangan. Bizda yangi NATO Strategik konsepsiyasi mavjud. U Rossiyani alyansga bevosita tahdid sifatida tan oladi, shu bilan birga Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan keladigan tahdidlar, yangi va buzg'unchi texnologiyalar, iqlim o'zgarishi, terrorizm kabi transmilliy muammolarni o'z ichiga olgan yangi xavfsizlik muhitini ham e’tirof etadi", - dedi u.

Blinkenning aytishicha, 2020-yilda NATO a'zolaridan to'qqiztasi o'z yalpi ichki mahsulotining 2 foizini mudofaaga sarflash bo'yicha majburiyatini bajargan bo'lsa, bugun bunday davlatlar soni 23 taga yetdi. Bundan tashqari, AQSh davlat kotibi Finlyandiya va Shvetsiyaning qo'shilishi bilan alyans "kelajak uchun g'oyatda kuchayganini" ta'kidladi.

"Alyans mudofaa va tiyib turish salohiyatimizni oshirdi. Sharqiy qanotdagi mavjudligimizni ikki baravarga oshirdik. Qo'mondonlik tizimimizni yangiladik. Kiberfazo va tashqi koinotni ham qo'shgan holda, barcha yo'nalishlardagi imkoniyatlarimizni kuchaytirdik. Bu doimiy majburiyatlar va sarmoyalar fuqarolarimiz xavfsizligini uzoq yillar davomida ta'minlaydi", - dedi Blinken.

SEE ALSO: AQSh NATO sammitiga mezbonlik qiladi

Davlat kotibining ta'kidlashicha, NATOning birligi va yakdilligini ko’rsatadigan eng yorqin namuna - bu ittifoqchilarning Rossiya bosqiniga qarshi Ukrainaga ko'rsatayotgan barqaror yordamidir. Blinken AQSh Ukrainaga 102 milliard dollar, ittifoqchilar va hamkorlar esa 158 milliard dollar yordam berganini aytib, bu majburiyatlarning taqsimlanishiga eng yaxshi misol ekanligini ta'kidladi.

"Biz Ukraina kelgusi yil davomida zarur bo'lgan janglarni olib borishi yoki muzokaralarni kuch mavqeidan turib olib borishi uchun uni pul, o'q-dori va safarbar kuchlar bilan ta'minlashni muvofiqlashtirish ustida ishlamoqdamiz", - deya qayd etdi u.

"Hozir Ukraina va ushbu alyans asos solgan transatlantik qadriyatlarni himoya qilish uchun hal qiluvchi lahzada turibmiz," – deya qo’shimcha qildi Blinken.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh elchisi: NATO kelajakka tayyorlanmoqda

"NATO ikki jahon urushidan so'ng, global mojarolar qayta takrorlanmasligini ta'minlash uchun yaratilgan bir qator institutlarning bir qismi sifatida tashkil topgan. Kuchli NATO tajovuzkorlikni tiyib turish, ko'proq imkoniyatlar, murakkab muammolarga qarshi kurashadigan samarali ittifoqchilarni yaratish va xalqimizga to'laqonli hayot kechirish imkonini beradigan tinchlik va barqarorlik garovidir", - deya o’z bayonotini yakunladi Entoni Blinken.