AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola
“AQSh Kongressi Yaqin Sharq mintaqasida COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash uchun katta miqdorda mablag’ ajratgan”, - deydi “USAID” tashkilotining administratori assistenti Maykl Xarvi.
AQSh Yaqin Sharqda pandemiyani nazoratga olish uchun 205 million dollar ajratgan. Vashington global pandemiyaga qarshi kurashga ko’maklashish uchun dunyo mamlakatlariga jami 1,5 milliard dollarlik yordam bergan. Ushbu mablag’hukumatlar, xalqaro tashkilotlar va nodavlat tashkilotlarga tibbiy ta’limni rivojlantirish, tibbiy punktlar faoliyatini himoyalash, laboratoriyalar, tadqiqot markazlari va tez tibbiy yordam xizmatini qo’llab-quvvatlashga yo’naltirilgan.
Maykl Xarvining ma’lum qilishicha, AQSh ajratgan mablag’ Yaqin Sharq mintaqasining barcha mamlakatlariga yetkazilgan.
Rasmiyning ta’kidlashicha, mintaqa aholisi Liviya, Yaman, Iroq va Suriyadagi nizolar tufayli kuchli hadik ostida ekan, mamlakatlarning sog’liqni saqlash tizimi COVID-19 pandemiyasiga qarshi munosib kurasha olmoqda.
“Faxrlanib aytish mumkinki, ana shu mamlakatlarning sog’liqni saqlash tizimiga ajratilgan mablag’lar o’z samarasini berdi. Siyosiy doiralar ham muammoga jiddiy munosabatda bo’ldi. Bizneslar yopilishi ortidan kelib chiqadigan iqtisodiy muammolar qiymati necha pulni tashkil etishi haqidagi o’ylar jiddiy xavotir uyg’otmaoqda. Iqtisodiy o’sish jarayoniga imkon qadar tezroq qaytish uchun nimalar qilish kerakligi haqida bosh qotirayapmiz”, - deydi Xarvi.
Yaqin Sharqda koronavirusga qarshi kurash uchun AQSh taklif etgan yordamni faqat bir mamlakat qabul qilishdan bosh tortdi:
“Yordamdan Eron voz kechdi. Afsuski, pandemiya tufayli ko’plab eronliklarning taqdiri fojiali yakun topdi. Eron oilalarida turli avlod vakillari yashaydi. Jahon tajribasi aynan ana shunday jamiyatlarda virus keng tarqalishini ko’rsatmoqda. Shunday ekan, biz kuzatishda davom etamiz va yordam qo’lini cho’zishga hamisha tayyor turamiz”, - deya ta’kidladi Xarvi.
AQSh hukumati virusni dunyo miqyosida nazoratga olish maqsadida 20,5 milliard dollar sarfladi. Vashington bu kurashda yetakchilik qilishda davom etadi.
“AQSh muhtoj aholidan hech qachon yordamini ayamagan”, - deydi Maykl Xarvi.