Accessibility links

Breaking News

AQSh Myanmada jabr ko’rgan musulmonlar muammosiga qanday munosabatda?


Bangladeshga qochib kelgan myanmalik musulmon oila. Arxiv.
Bangladeshga qochib kelgan myanmalik musulmon oila. Arxiv.

AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola

Besh yil avval Myanma Xavfsizlik kuchlari zo’ravonlik kampaniyasini boshlab, rohinja musulmonlariga qarshi etnik tozalash operatsiyasini amalga oshirgan. Qurolli bosqinning ilk bosqichi 2016-yilning oktabr oyidan 2017-yilning yanvariga qadar davom etgan. Hujumning ikkinchi to’lqini 2017-yilning avgustida yuz bergan.

Natijada, Myanmaning 1 milliondan ziyod musulmon aholisi mamlakatdan qochishga majbur bo’lgan. Ayni damda 860 ming nafar rohinja musulmonlari qo’shni Bangladesh hududidagi Koks-Bazar lageridan panoh topgan.

Bangladeshga qochib o'tayotgan Myanma musulmonlari. 10-noyabr, 2017.
Bangladeshga qochib o'tayotgan Myanma musulmonlari. 10-noyabr, 2017.

Myanmalik musulmon qochqinlarning 150 mingga yaqini mintaqaning boshqa mamlakatlari, xususan, Hindiston, Tailand, Indoneziya va Malayziyadan boshpana topgan.

Myanmada qolib ketgan 600 mingga yaqin musulmonlar diskriminatsiya girdobida. Ularning 130 mingdan ziyodi asosan Rakxayn shtatidagi maxsus lagerlarda ushlab turilibdi.

22-oktabr sanasida AQSh “Rohinja qochqinlariga muntazam xalqaro yordam ko’rsatish” mavzusidagi virtual anjumanga hamraislik qildi. Xalqaro hamjamiyatni mazkur muammoga qarshi samaraliroq kurashishga chorladi. Shu maqsadda Vashington Myanma qochqinlari uchun 200 million dollar ajratishini ma’lum qildi. AQShning 2017-yil avgustidan buyon rohinja musulmonlariga ko’rsatib kelayotgan moliyaviy ko’magi, shu tariqa, 1,2 milliard dollarga yetgan.

"Cox's Bazar" - rohinja musulmonlari panoh topgan lager. 22-avgust, 2019.
"Cox's Bazar" - rohinja musulmonlari panoh topgan lager. 22-avgust, 2019.

Virtual anjuman rohinja musulmonlari muammosini xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda hal qilish tashabbusini ilgari surmoqda, - deydi tadbir tashkilotchilaridan AQSh Davlat kotibi o’rinbosari Stefen Bigan. Anjumanda, shuningdek, Britaniya va Yevropa Ittifoqining nufuzli rasmiylari hamda BMTning Qochqinlar masalasi bo’yicha oliy komissari yetakchilik qilgan.

“Ayni damda fojia qurboni bo’lib turgan nochor musulmon aholi muammolarini hal qilish bo’yicha uzoq muddatli missiyani joriy etish o’ta muhim”, - dedi Bigan.

Rasmiyning ta’kidlashicha, rohinja musulmonlarining vatanga o’z xohishlari bilan, xavfsiz va munosib tarzda qaytishi uchun Myanma hukumati barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishi lozim.

“Birinchi o’rinda, Myanma hukumati jabrdiyda aholiga uzluksiz gumanitar yordam ko’rsatilishi uchun yo’l ochib berishi lozim. Ana shunday shart asosida biz hamkorlik qilishga tayyormiz”, - dedi Bigan.

AQSh Davlat kotibi o'rinbosari Stefen Bigan. 19-favral, 2019.
AQSh Davlat kotibi o'rinbosari Stefen Bigan. 19-favral, 2019.

Rasmiy, shuningdek, Rakxayn shtatida zo’ravonliklarga zamin yaratgan muammolarning tub ildizi bo’lgan qurol-yaroq va giyohvandlik moddalari savdosiga chek qo’yish lozimligiga urg’u berdi. Bu yo’lda AQSh har qanday hamkorlik uchun ochiq ekanini ta’kidladi.

“Siyosiy liderlar sifatida Bangladeshda va mintaqaning boshqa mamlakatlarida qolayotgan, Myanma ichida zulm ostida yashayotgan rohinja musulmonlari muammolari yuzasidan xalqaro hamjamiyat pozitsiyasiga oydinlik kiritdik. Biz Myanmada yuz bergan yovuz jinoyat uchun mas’ul shaxslarni javobgarlikka tortish uchun kurashamiz. Rohinja musulmonlarining o’z kelajagini o’zi yaratishi uchun ana shu etnik guruh bilan birga ishlaymiz”, - dedi Bigan.

XS
SM
MD
LG