AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola
Suriya hukumati o’n yillar davomida o’z xalqiga zulm qilib keldi. Bashar Assad boshchiligidagi rejim tinch namoyishchilarga qarshi o’qotar qurol va tanklardan foydalandi. Aholi to’plangan hududlarga benzin va kuchli portlovchi moddalar bilan to’ldirilgan konteynerlarni tashladi. Fuqarolar qiynoq va ochlik qurboni bo’ldi. Kimyoviy va o’qotar qurollar nishoniga aylandi.
Suriyaning urushdan avvalgi aholisi 23 million kishidan iborat edi. Ularning 500 mingdan ziyodi o’ldirilgan. 6,5 million aholi mamlakatning tinch hududlariga ko’chirilgan. 5,6 million suriyalik qochqin qo’shni mamlakatlardan boshpana topgan. Ana shu zulm kampaniyasining muallifi Assad endi qochqinlarni vatanga qaytishga chaqirmoqda. Uni dastaklab kelayotgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin chaqiriqlarni yoqlamoqda.
Yaqinda Suriya va Rossiya Damashqda qochqinlar bo’yicha konferensiya o’tkazdi. Assad va Putin fuqarolar urushi yakun topganini e’lon qilib, mamlakatning aksariyat hududlarida tinchlik o’rnatilganini ta’kidladi. Qochqinlarni vatanga qaytishga undar ekan, Rossiya rahbari mamlakatni rekonstruksiya qilish lozimligiga urg’u berdi. G’arb mamlakatlari Suriyaga moliyaviy yordam ko’rsatsagina, uni qayta tiklash va qochqinlarni ortga qaytarish mumkinligini ta’kidladi. Rossiya shu yo’l bilan yirik rekonstruksiya shartnomalarini qo’lga kiritib, mo’may daromad ko’rishga intilmoqda.
Qochqinlar Assadning va’dalariga ishonmayapti. G’arb mamlakatlari esa ko’mak uchun jiddiy shartlar qo’ygan. Suriyada barcha siyosiy mahbuslar ozod etilishi, fuqarolar xavfsizligi kafolatlanishi va siyosiy jarayonlar legitim xarakterga ega bo’lishi lozim.
“Rossiya quvvatlayotgan Assad rejimi millionlab qochqinlardan Suriyada urush tugagani borasidagi da’volari yo’lida foydalanmoqchi. Assad rejimi 500 mingdan ziyod fuqarolar o’limi, qator shifoxonalar portlatilishi, millionlab suriyaliklarni gumanitar yordamdan uzib qo’yganlik uchun javobgar. Bunday hukumat qochqinlarni mamlakatga chaqirishga haqli emas. Rekonstruksiya uchun xalqaro moliyaviy yordam Assad rejimi ixtiyoriga topshirilmasligi kerak”, - deydi AQSh Davlat departamenti vakili Keyl Braun.
Rasmiyning ta’kidlashicha, AQSh hukumati Suriya xalqini qo’llab-quvvatlaydi. Vashington BMT Xavfsizlik Kengashining 2254-sonli rezolyutsiyasini yoqlaydi va Suriya konfliktlarining yagona siyosiy yechimi sifatida tan oladi.