AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola
Qo’shma Shtatlar Rossiya hukumatining fuqarolik jamiyatiga qarshi qatag’onlarni kuchaytirayotganidan tashvishda.
28-dekabr kuni Rossiya Adliya vazirligi taniqli inson huquqlari faoli Lev Ponomaryov, jurnalist Lyudmila Savitskaya, gazeta muharriri Denis Kamalyagin, onlayn jurnalist Sergey Markelov hamda rassom va huquq faoli Darya Apaxonchichni xorijiy agentlar sifatida tamg’aladi. Savitskaya, Markelov va Kamalyagin AQSh Global media agentligi tomonidan boshqariluvchi “Ozodlik” radiosi faoliyatida qatnashib turgan.
Rossiya hukumati ilk bor tashkilotlarni emas, shaxslarni Adliya vazirligining xorijiy agentlar ro’yxatiga qo’shdi. Bundan keyin ular doimiy nazoratda bo’ladi, xabarlarni tayyorlashda muayyan talablarga javob berishi kerak bo’ladi, moliyaviy tekshiruvdan o’tkaziladi va qonunda belgilangan talablarga javob bermagan holda yirik jarimaga tortiladi.
2012-yilda qabul qilingan qonunga ko’ra, siyosiy faoliyat bilan shug’ullanuvchi xorijiy manbalardan moliyaviy yordam olayotgan nodavlat tashkilotlar va inson huquqlari guruhlari xorijiy agent deb topiladi. Keyinchalik qonun o’zgartirilib, matbuot organlari va mustaqil jurnalistlar ham shunday tabaqaga kiritildi.
2020-yil 31-dekabr kuni Prezident Vladimir Putin yana bir qonun loyihasiga imzo chekib, shaxs yoki tashkilotlarni xorijiy agent deb belgilash andozalarini kengaytirdi. Rasmiy idoralarni o’z maqomi haqida xabardor qilmagan yoki faoliyati haqida boxabar qilishdan bosh tortgan bunday shaxs yoki tashkilotlar uchun jarima miqdori oshirildi, hatto qamoq jazosi belgilandi.
“Xalqaro Amnistiya” tashkiloti bu qonunni fuqarolik jamiyati guruhlari hamda adolat va inson qadriyatini himoya qiluvchi faollarni yomonotliqqa chiqarishga qaratilgan yana bir harakat deb atadi.
AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi o’rinbosari Keyl Braunning “Twitter” orqali bildirishicha, nomlari keltirilgan 5 shaxsning xorijiy matbuot agentlari sifatida belgilanishi Rossiya hukumatining fuqarolik jamiyatiga qarshi qatag’onni kuchaytirayotganidan dalolat bo’lib, mustaqil matbuotga tahdiddir.
AQSh rasmiysiga ko’ra, Rossiya qator yangi qonunlar orqali hukumatning so’z va matbuot erkinligi, uyushish erkinligini yanada cheklash vakolatini jiddiy ravishda kengaytirmoqda, noqulay dalillar va muxolif ovozlarni bostirish uchun qo’shimcha imkoniyat bermoqda.
“Xorijiy agentlar haqidagi qonun”ga o’zgartirishlar alohida tashvishga molik bo’lib, rasmiy idoralarga o’z xohishiga ko’ra ro’yxatdan o’tish jarayonini qiyinlashtirish va xorijiy agent sifatida tamg’alash talablarini o’z bilgancha qo’llash, tashkilot faoliyatini taqiqlash, qonunni buzganlarni qamash imkoniyatini beradi. Biz Rossiyani fuqarolari huquqlarini himoya qilishga chaqiramiz”, - deydi Keyl Braun.