Accessibility links

Breaking News

AQSh pandemiyaga qarshi global kurashda yetakchilik qilmoqda


AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken

AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola

Dunyo COVID-19 pandemiyasiga barham berish yo’lida birlashishi kerak. Buning uchun ana shu kurashga AQSh yetakchilik qilishi lozim, deydi Davlat kotibi Entoni Blinken.

“Inqilobiy vaksinalarni yaratishda, pandemiyani to’xtatishda muhim ahamiyatga ega bo’lgan tibbiyot sohasidagi yirik tashabbuslarni amalga oshirish yo’lida davlatlar, bizneslar va xalqaro strukturalarni birlashtirish bo’yicha dunyoda AQShga teng keladigan biror mamlakat yo’q”, - deya ta’kidladi diplomat.

Blinkenning aytishicha, eng katta yo’qotishlarga sabab bo’lgan pandemiyaga barham berish bilan AQSh yana bir bor dunyoga mamlakat liderligi va yaratuvchanligi nimalarga qodir ekanini namoyish etishi mumkin. AQSh ushbu yo’lda allaqachon muhim qadamlarni tashlashga ulgurdi.

“Kongress COVID-19 pandemiyasiga qarshi global choralarni qo’llab-quvvatlash uchun 11 milliard dollar mablag’ ajratdi. Ushbu mablag, xususan, odamlar hayotini saqlab qolish, vaksina qabul qilish imkoniyatlarini kengaytirish, pandemiya tufayli kuchayishi mumkin bo’lgan ochlik muammolarini yumshatishga ko’maklashish, mamlakatlarning kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo’lgan pandemiyalarga qarshi shayligini oshirishga xizmat qiladi.

Global sog’liqni saqlash bo’yicha eng yirik donor mamlakat sifatida AQSh “COVAX” dasturiga 2 milliard dollar miqdorida moliya kiritdi. Ushbu dastur doirasida qashshoq va rivojlanayotgan mamlakatlar aholisi xavfsiz va samarador vaksinalar bilan emlanish imkoniyatiga ega bo’ladi. AQSh dastur fondiga yana 2 milliard dollar mablag’ ajratishni rejalamoqda. Mazkur tashabbus doirasida boshqa qator mamlakatlar ham o’z majburiyatlarini amalga oshirmoqda.

AQSh o’zining yaqin qo’shnilari bo’lgan Meksika va Kanadaga vaksinalarni yetkazib berishga ulgurdi. Shuningdek, dunyo bo’ylab har bir shaxs emlanishini ta’minlash maqsadida vaksinani ishlab chiqarish va yetkazib berish bo’yicha global hamkorlar bilan ishlashni davom ettirmoqda.

AQSh, o’z navbatida, kelgusida avj olishi mumkin bo’lgan ehtimoliy pandemiyalarga qarshi kurash choralarini ham ko’rib chiqmoqda.

“Bu mamlakatlardan shaffoflik tamoyillariga amal qilishni, axborot almashinuvni yo’lga qo’yishni hamda zudlik bilan xalqaro ekspertlarning davlat hududiga kirishini ta’minlashni talab etadi. Barcha mamlakatlar kelgusida zudlik bilan epidemiyaning oldini olishga qodir bo’lishi uchun barqaror moliya va zarur salohiyatni oshirish lozim. Shuningdek, joriy epidemiyaning asl sabablarini aniqlash va kelgusida shu xatolarga yo’l qo’yilmasligi uchun to’laqonli va shaffof tadqiqot o’tkazishga chaqirishda davom etamiz”, - dedi Blinken.

Davlat kotibi ana shu maqsadlarga erishish yo’lida Geyl Smitni koronavirusga qarshi global chora ko’rish va tibbiy xavfsizlikni ta’minlash bo’yicha koordinator etib tayinladi.

“Hozir burilish davri – keng masshtabda fikr yuritish va matonat bilan qadam tashlaydigan zamon keldi. Va AQSh buni o’z zimmasiga olmoqda”, - deya ta’kidladi AQSh bosh diplomati.

XS
SM
MD
LG