Accessibility links

Breaking News

Blinken odam savdosiga qarshi kurashga chorlamoqda


AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken

AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola

“Odam savdosi inson huquqlari va qadriyatlarini toptaydi. U jamiyat va iqtisodni beqarorlikka yetaklaydi. Dunyo bo’ylab odam savdosiga qarshi kurash yo’lida bir davlat va global jamoatchilik sifatida barcha imkoniyatlarimizni ishga solishimiz lozim”, - deydi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.

Xalqaro mehnat tashkilotiga ko’ra, dunyoda qariyb 25 million shaxs odam savdosi qurboni.

AQSh odam savdosining ikki turi mavjudligini qabul qiladi: Biri majburiy mehnat, ikkinchisi jinsiy ekspluatatsiya. Fohishalikka mahkum etilganlar juda ko’p. Millionlab odam fabrika, kon, ekin dalalarida ishlatiladi, qurolli guruhlarga qo’shilishga majburlanadi.

AQSh Davlat departamenti 1-iyul kuni Odam savdosiga doir navbatdagi yillik hisobotini taqdim etdi. Hujjatda AQSh va dunyo mamlakatlarining odam savdosiga qarshi kurashi to’laqonli va obyektiv baholanadi.

“Odam savdosi bilan shug’ullanadiganlarning o’z uslubi bor. Har bir davlat, xususan, AQSh ham, ulardan ustun strategiyaga ega bo’lishi lozim”, - deydi Blinken.

COVID-19 pandemiyasi ham odam savdosiga o’z ta’sirini o’tkazdi.

“Odam savdosi jinoyatchilari o’z ta’sirini oshirishga urindi. Iqtisodiy ahvoli og’irlashgan qatlam ekspluatatsiyaga tuzog’iga oson ilindi. Ish va o’qish tufayli soatlab onlayn mashg’ul bo’lganlar internet vositasida firibgarlarning o’ljasiga aylandi”, - deydi AQSh bosh diplomati.

Blinkenning ta’kidlashicha, bu yilgi hisobotda odam savdosini moliyalashtirayotgan davlatlar ham qayd etilgan.

\“Biz odam savdosini yo’lga qo’ygan 11 hukumatni hujjatlashtirdik. Ular jamoatchilik loyihalari yoki hukumat uchun o’ta muhim sektorlarda fuqarolarni majburiy mehnatga tortgan. Hujjatda tizimli notenglik va odam savdosi o’rtasidagi uzviy aloqadorlikka e’tibor qaratiladi. Bu muammoga qarshi ko’plab davlatlar, xususan, AQSh ham kurashishi kerak”, - deydi diplomat.

Jinoyatchilar cheklangan jamiyatlar ichidan o’lja izlaydi. Zo’ravonlikdan arz qilish ehtimoli kam yoki taqib va zulmdan shikoyat qilganida hech kim ishonmaydigan odamlar iziga tushadi.

“Odam savdosiga qarshi jiddiy kurashmoqchi bo’lsak, tizimli irqchilik, jinsiy notenglik va diskriminatsiyaning boshqa turlariga barham berishimiz, barcha jabhalarda tenglik ta’minlangan jamiyat qurishimiz kerak”, - deya ta’kidladi Blinken.

“Dunyo yuzlashayotgan dolzarb muammolarni hech bir davlat yakka o’zi hal etolmaydi. Hamkorlik, axborot almashinuvi va o’zaro hisobdorlik lozim. Shu tariqa, hech kim ekspluatatsiya qilinmaydigan, barcha xavfsiz va munosib yashaydigan dunyoni yaratamiz”, - dedi diplomat.

XS
SM
MD
LG