AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola
“Demokratiyadan chekinish” atamasi shu tuzumni qo’llab-quvvatlaydigan siyosiy institutlarning degradatsiyaga yuz tutishi, demokratik yo’l bilan hokimiyatga kelgan ma’muriyatning demokratik rejimni oyoqosti qilishini anglatadi. Avtokratlashuv degan nom bilan ham ataladigan bu jarayon Sovuq urushdan keyingi davrda boshlanib, shu kunga qadar kuchayib bormoqda.
“Fuqarolik jamiyati guruhlari so’nggi 15 yil davomida global maydonda uzluksiz demokratik inqiroz yuz berayotganini qayd etgan”, - deydi AQSh Davlat kotibining Fuqarolar xavfsizligi, demokratiya va inson huquqlari bo’yicha o’rinbosari Uzra Ziya.
Xo’sh, demokratik inqiroz amalda nimani anglatadi?
“Birinchidan, avtokratik tuzumlar saylovlarda xalqning xohish-irodasi aks etishiga to’sqinlik qiladi, qonun chiqaruvchi va sud hokimiyatining mustaqilligini yo’qqa chiqaradi, inson huquqlari hamda aholining fundamental erkinliklarini toptaydi. Ikkinchidan, korrupsiyalashgan hukumat axborot olish imkoniyatini asossiz cheklab qo’yadi. Davlat moliyasini talon-taroj qiladi. Aholining demokratik boshqaruv yorug’ kelajakka eltishi borasidagi ishonchini so’ndiradi. O’z navbatida, demokratiya chuqur ildiz otgan AQSh kabi mamlakatlarda ham siyosiy qutblashuv, dezinformatsiya, diskriminatsiya va irqiy notenglik muammolari kuchaymoqda”, - deydi Ziya.
“Ma’lumki, inson huquqlarini e’zozlaydigan va himoya qiladigan, qonun ustuvorligiga amal qiladigan, inklyuziv va barcha fuqarolar oldida hisobdor boshqaruvga ega jamiyatlar hatto eng og’ir muammolarni ham samarali bartaraf etadi”, - deya qo’shimcha qildi rasmiy.
Ziya o’z nutqida AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkendan quyidagi iqtibosni keltirdi:
“Mas’uliyatli davlatlar o’z mamlakatining inson huquqlari bo’yicha ko’rsatkichlarini o’rganishdan to’xtamasligi kerak. Asl haqiqatni tan olib, ko’rsatkichlarni yaxshilashga intilishi lozim”. Bu yo’lda fuqarolik jamiyati nazorati o’ta muhim rol o’ynaydi.
Ziyaning ta’kidlashicha, fuqarolik jamiyati nazorat va manfaatlar himoyasi borasida muhim rol o’ynaydi. Bu hukumat hisobdorligini oshirishga xizmat qiladi.
“Faollar, huquq himoyachilari va fuqarolik jamiyatining boshqa a’zolari shaffof, adolatli va mas’uliyatli boshqaruvni izga solish uchun muhim. Mahalliy liderlar va ekspertlarga hukumat va’dalarining fuqarolarga ijobiy ta’sir ko’rsatishiga yordam berish borasida murojaat qilar ekanmiz, fuqarolik jamiyati bilan ishlash sammit maqsadlariga erishishda muhim ekanini ta’kidlayapmiz”, - dedi Ziya.
Rasmiyning izohlashicha, demokratiyadan chekinish global barqarorlik va taraqqiyotga yirik to’siq bo’ladi. Bu muammoni yolg’iz hal etib bo’lmaydi. Unga qarshi mushtarak qarashlarga ega bo’lgan demokratik davlatlar kollektiv kurashishi lozim.
AQSh o’ziga fikrdosh va ittifoqchi mamlakatlarni Demokratiya masalalari bo’yicha virtual sammitga taklif etib, biraglikda avtokratiyadan himoyalanish, korrupsiyaga qarshi kurashish, mamlakat ichida va global maydonda inson huquqlariga hurmatni kuchaytirishga chorladi. Sammit dunyo mamlakatlarining shu maqsad yo’lidagi muhim qadamiga aylanadi.